Xalqaro biosho'rlangan qishloq xo'jaligi markazi bosh direktori bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2024-12-25 13:00:00 / Yangiliklar
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan COP29 iqlim konferensiyasida qishloq xo‘jaligi ekinlarining iqlim o'zgarishiga chidamliligini oshirish uchun yetakchi tuzilmalar ishtirokida Mintaqaviy genetik resurslar bankini tashkil etish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbus muhokama qilindi. ICBA tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga va uni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyorligini bildirdi. Vazir esa ushbu tuzilma Markaziy Osiyo mintaqasida sanoat kooperatsiyasi, shuningdek, ilmiy-texnika almashinuvi uchun muhim platformaga aylanishi mumkinligini taʼkidladi.
Uchrashuvda Nukus, Mo‘ynoq va Chimboy fermerlarining zaifligini kamaytirish va ularning yer degradatsiyasi bilan bog'liq iqtisodiy yo'qotishlarning oldini olishga moslashuvchan salohiyatini oshirishga qaratilgan “Qoraqalpog‘istonning degradatsiyaga uchragan hududlarida barqaror qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish tizimini rivojlantirish” loyihasining borishi muhokama qilindi. Mazkur loyiha Orol dengizi halokati oqibatlarini yumshatish va mintaqada barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan qadam ekanligi ta'kidlandi.
A.Abduhakimov ICBA tashkilotini 25 yilligi bilan tabrikladi va O‘zbekistonda hamkorlik mustahkamlanib borayotganligini ta’kidladi. Shu bilan birga, ICBA bosh direktori doktor Tarifa Al Zaabi vazirga samarali hamkorlik va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun minnatdorlik ramzi sifatida medal topshirdi.
Uchrashuv yakunida 2025-yilda O‘zbekiston va ICBA o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, xususan, “Atrof-muhitni asrash va "yashil" iqtisodiyot yili”da qo‘shma ilmiy loyihalarni tashkil etish va o‘zaro manfaatli natijalarga erishish uchun muntazam maslahatlashuvlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.