Noqonuniy baliq ovlagan huquqbuzar 20 mln so‘mdan ortiq tovon to‘laydi
2024-09-05 12:45:00 / Yangiliklar
Reyd davomida fuqaro T.X. tumandan oqib o'tuvchi zovurdan ov qoidalarini buzgan holda 4 turdagi 27 ta baliqlarni ovlagani, bulardan 9 ta baliq me'yoridan (5 kg) ortiqcha ekanligi aniqlandi. Natijada hayvonot dunyosiga 14 mln 960 ming so'm miqdorida zarar yetkazilgan.
Ma'lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 9-fevraldagi "O‘zbekiston Respublikasining tabiiy suv havzalarida baliq ovlash qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, tabiiy suv havzalarida jismoniy shaxslarga sport-ishqibozlik turida 1 sutka ichida 5 kg.gacha miqdorda bo‘lgan baliqni ovlashga ruxsat etiladi.
Holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan O'zbekiston Respublikasi MJTKning 90-moddasi 1-qismiga ko‘ra ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. T.X. bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravari — 5 mln 100 ming so'm miqdorida jarimaga tortildi. U qilmishi uchun jami 20 million 60 ming so‘m (jarima va zarar) to‘laydigan bo‘ldi.
Ma'lumot uchun, Ekologiya vazirligi va vazirlikning hududiy boshqarmalari tomonidan noqonuniy ov bilan shug'ullanishga qarshi reyd tadbirlari doimiy tarzda davom ettirilmoqda. Bu kabi huquqbuzarliklar qonuniy javobgarlikka sabab bo‘ladi.