TUMANLARDA OMMAVIY VA PROFESSIONAL SPORTNI RIVOJLANTIRISH SPORT MAKTABLARI TOMONIDAN AMALGA OSHIRILADI
2025-06-26 08:30:00 / Yangiliklar

Prezident tomonidan 18.12.2024 yildagi «Yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida»gi PQ-443-son Qaror imzolandi.
Tuman (shahar)larda ommaviy va professional sportni rivojlantirish hamda sport siyosatini yuritish Sport vazirligi tizimidagi sport maktablari tomonidan amalga oshiriladi.
2025/2026 o‘quv yilidan boshlab:
hududlarning o‘ziga xos xususiyatlari, aholining qiziqishlari, shuningdek, erishilgan sport natijalari hamda mavjud sport infratuzilmasidan kelib chiqib, sport maktablarini sport turlariga ixtisoslashtirish amaliyoti joriy etiladi;
sport maktablarida mavjud shtat birliklari doirasida ommaviy sport bo‘yicha trener-seleksioner lavozimi joriy etiladi, har bir ommaviy sport bo‘yicha trener-seleksionerga 5 tagacha mahalla va uning hududidagi davlat ta’lim muassasalari biriktiriladi;
ommaviy sport bo‘yicha trener-seleksioner o‘ziga biriktirilgan hududda yoshlar yetakchilari hamda jismoniy tarbiya o‘qituvchilari bilan hamkorlikda «Besh tashabbus olimpiadasi», «Jismoniy tayyorgarlik darajasi» sport sinovlari va boshqa ommaviy sport tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazib borishga mas’ul hisoblanadi;
sport maktablarining ommaviy sportni rivojlantirish va seleksiya bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari hamda ommaviy sport bo‘yicha trener-seleksionerlar bazaviy tarif stavkasiga ustamalar «Besh tashabbus olimpiadasi», «Jismoniy tayyorgarlik darajasi» sport sinovlaridagi natijalar hamda sport maktabiga seleksiya qilingan iqtidorli yoshlar sonidan kelib chiqib belgilanadi.
Sport maktablarida «Fase ID» tizimi orqali trenerlar va sport bilan shug‘ullanuvchilarning kunlik davomatini elektron monitoring qilib boriladi hamda trenerlarning ish haqi miqdori o‘quvchi-sportchilar davomatidan kelib chiqib belgilanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari har yili 1 fevralga qadar Sport vazirligi bilan kelishgan holda o‘z hududlarida jismoniy tarbiya va sport sohasida amalga oshiriladigan vazifalar hamda erishilishi lozim bo‘lgan ko‘rsatkichlarni belgilashni nazarda tutuvchi yillik Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish dasturlarini tasdiqlaydi.
2025/2026 o‘quv yilidan boshlab hududlardagi olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari faoliyatini quyidagi yangicha tartibda tashkil qilinadi:
olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari negizida amaldagi moliyalashtirish tartibini saqlab qolgan holda sport turlari bo‘yicha mahorat maktablari tashkil qilinadi;
mahorat maktablari o‘quvchi-sportchilarining umumiy kontingenti jami 150 nafardan ko‘p bo‘lmagan miqdorda 7-11-sinf o‘quvchilaridan iborat bo‘ladi;
mahorat maktablari o‘quv dasturini o‘zlashtirgan va yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘tgan 11-sinf bitiruvchilariga davlat namunasidagi umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnoma beriladi;
O‘rnatilayotgan tartibga muvofiq:
mahallalarda sport to‘garaklarini tashkil etgan trenerlarga o‘zi tayyorlayotgan sportchilarni «ERP-Sport» yagona elektron boshqaruv tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati yaratiladi. Bunda:
mazkur trenerlarga o‘zini o‘zi band qilish huquqi beriladi;
trenerlar o‘z hududidagi sport maktabiga biriktiriladi;
trenerlarga tegishli moliya yili uchun sport maktabiga ajratilgan mablag‘lar doirasida ijtimoiy buyurtmani bajarganlik uchun ularni rag‘batlantirish tizimi joriy etiladi.
Shuningdek jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlar reyestrini yuritish tartibi joriy etiladi. Bunda:
reyestrga ixtiyoriy tartibda sport klublari; fitnes klublar, sport ta’lim tashkilotlari, jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyat yurituvchi boshqa yuridik shaxslar va YATTlar kiritiladi;
reyestrga kiritilgan yuridik shaxslar va YATTlarga sportchilarni «ERP-Sport» yagona elektron boshqaruv tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish huquqi beriladi;
reyestr Sport vazirligida yuritiladi.
2025 yil 1 sentyabrdan boshlab sport inshootlari reyestrini yuritish tartibi joriy etiladi.
Kamoliddin Naliyev,
Do‘stlik tuman Sport maktabi direktori
