“Ustoz AI” loyihasi: Bilim olishga yangi qadam.
2024-08-03 19:50:00 / Yangiliklar

2 milliondan ortiq yoshlarimizga zamonaviy kasblar va fanlarni bepul o‘rgatishni maqsad qilgan “Ustoz AI” loyihasining keng qamrovli taqdimoti muhtasham Yoshlar ijod saroyida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning ochilishi marosimida Agentlik direktori Alisher Sa’dullayev ushbu loyiha yoshlarni bilimli va malakali mutaxassis bo‘lishida, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashida kuchli asos bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.
“Ustoz AI” loyihasi doirasida 20 ga yaqin sohalarni qamrab oluvchi 350 dan ortiq videodarsliklar yaratildi. Bugungi kungacha 70 mingdan ortiq yosh loyiha doirasida bepul bilim olishni boshlashdi. Bu raqamlarning kun sayin oshib borishi esa loyihaning yoshlar orasida ommalashib borayotganini ko‘rsatadi.
Loyiha doirasida bugunga qadar 20 ga yaqin sohalar (PR, HR, Videomontaj, SAT, Mobilografiya, No-code dasturlash va boshqalar) ning 350 dan ortiq videodarsliklari 4K formatda tayyorlanib, loyihaning Youtube platformasi va mobil ilovasiga joylashtirildi.
Shuningdek, tadbir davomida Yoshlar ishlari agentligi va Turonbank aksiyadorlik tijorat banki o‘rtasida o‘zaro samarali hamkorlikni kengaytirish hamda mustahkamlash maqsadida hamkorlik Memorandumi imzolandi.
Bepul darslarni YouTube sahifasida va yangiliklarni @ustozai telegram sahifasida kuzatib borishingiz mumkin!









