“General va yoshlar” uchrashuvi
2025-09-26 15:00:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda yoshlar siyosatini amalga oshirish, ularning intellektual va ma’naviy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, shuningdek, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash — Davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlardan biridir.
Shu maqsadda olib borilayotgan islohotlarning muhim jihatlaridan biri yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdir. Shu doirada Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor Rustam Jo‘rayevning yoshlar bilan uchrashuvi tashkil etildi. Unda Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilnoza Kattaxanova ham ishtirok etdi.
Tadbirda tizim faxriylari, Jamoat xavfsizligi universiteti kursantlari, “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyi, Harbiy musiqa akademik litseyi, “Jasorat maktabi” o‘quvchilari, 22 va 30-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlardan 3000 ga yaqin yosh gvardiyachilar videokonferensaloqa orqali qatnashdi.
Milliy gvardiya Ma’naviyat va ma’rifat markaziga tashrif buyurgan yoshlar orkestr ijrosida kutib olindi. Ular uchun kitoblar yarmarkasi, kursantlarning ratsionalizatorlik ishlanmalari, tasviriy san’at ko‘rgazmalari, robototexnika vositalari, shuningdek, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining qo‘l mehnati namunalari namoyish etildi.
Tadbirning rasmiy qismida Milliy gvardiya qo‘mondoni nutq so‘zlab, yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ta’lim, harbiy-vatanparvarlik va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda Milliy gvardiya tizimidagi loyihalar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, Dilnoza Kattaxanova ham so‘zga chiqib, yoshlarning erishayotgan yutuqlari va xalqaro miqyosda tan olinayotgani haqida misollar keltirdi.
Tadbirda, shuningdek, O‘zbekistonning xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, professor Jamila Shermuhamedova onlayn tarzda ishtirok etib, yoshlarga motivatsion tilaklar bildirdi.
Ochiq muloqot davomida yoshlar o‘z fikrlarini erkin bayon qildilar, takliflarini berdilar. Ular davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar ularni yanada faol va mas’uliyatli bo‘lishga undayotganini faxr bilan ta’kidladilar.
Shundan so‘ng, Jamoat xavfsizligi universiteti, “Temurbeklar maktabi”, Harbiy musiqa akademik litseyi hamda “Jasorat maktabi”da tahsil olayotgan, namunali xulqi va o‘qishdagi yutuqlari bilan ajralib turgan 10 nafar yosh Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan rag‘batlantirildi.
Tadbirning badiiy qismida Milliy gvardiya ashula va raqs ansambli ijrosidagi Vatan madhiga bag‘ishlangan kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarga katta ruhiy ko‘tarinkilik ulashdi.
“General va yoshlar” ochiq muloqotining asosiy maqsadi — yoshlarda Vatanga sadoqat, fidoyilik va mas’uliyat tuyg‘ularini mustahkamlash hamda Vatan himoyasi muqaddas burch ekanini qalb va ongiga chuqur singdirishdir.







