21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni
2025-10-21 / Voqealar taqvimi

21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni sifatida keng nishonlanadi. Chunki 1989-yil 21-oktyabrda “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilinib, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Bu sana milliy tilimizning muqaddas qadriyat ekanini, uning qonun bilan himoyalanishini va davlat hayotida alohida o‘rin egallashini anglatadi.
2020-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 21-oktyabr “O‘zbek tili bayrami kuni” deb rasmiy belgilandi. Shundan beri har yili yurtimizda turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda.
Bayramning mazmuni – tilni millatning ajralmas qismi sifatida qadrlash, uni asrash va rivojlantirish zarurati haqida chuqur fikrlarni targ‘ib etishdir. Tadbirlar davomida o‘zbek tilining kelib chiqishi, rivojlanish tarixi, davlat tili maqomi berilishidagi tarixiy jarayonlar, til siyosatini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratiladi.
Alisher Navoiy kabi buyuk mutafakkirlarning hayoti va ijodi eslanib, tilimiz boyligi va madaniy merosini ulug‘lash tadbirlarda asosiy o‘rinni egallaydi. Bu bayram yosh avlodni ona tilini sevishga, hurmat qilishga va uni rivojlantirishga da’vat etadi.
Til bayrami nafaqat milliy o‘zlikni ifoda etadi, balki xalqlar o‘rtasida totuvlik va do‘stlikni mustahkamlovchi muhim omil hamdir. Bayram shiori esa mazmunli: “Qadring baland bo‘lsin, Ona tilim!”
