O‘zbekiston delegatsiyasi Pekinda
2025-07-12 15:00:00 / Yangiliklar

Avval xabar berganimizdek, yoshlar bilan ishlash tizimini rivojlantirish va xorijiy tajribalarni o‘rganish maqsadida Xitoyga tashrif buyurgan O‘zbekiston delegatsiya safarini Pekinda davom ettirdi.
Pekin Davlat Milliy boshqaruvi akademiyasida o‘zbekistonlik yoshlar bilan iliq va mazmunli uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbat chog‘ida yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ularni qiynayotgan masalalar va ularning yechimlari yuzasidan ochiq fikr almashildi. Talab va takliflar tinglanib, bir qator amaliy g‘oyalar ilgari surildi.
Shuningdek, O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasida ham alohida uchrashuv o‘tkazildi. Unda Madaniyat vaziri va Yoshlar ishlari agentligi direktorining o‘rinbosari ishtirok etdi. Uchrashuv yakunida “Ibrat Academy” tomonidan tayyorlangan esdalik kartochkalari ishtirokchilarga topshirildi.
Delegatsiya Pekindagi eng yirik kutubxonalardan biriga ham tashrif buyurdi. 40 millionga yaqin adabiyot jamlangan ushbu maskanga har kuni 10 mingdan ortiq kitobsevar keladi. Muhimi, mazkur kutubxona bilan O‘zbekiston Milliy kutubxonasi o‘rtasida elektron kitoblar bazasini integratsiya qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Bu kabi uchrashuvlar yoshlarning xalqaro maydondagi ishtirokini kengaytirishga, ularning fikr va tashabbuslarini ilgari surishga xizmat qilmoqda.



