“Yoshlar oyligi” va “Dolzarb 90 kun” tadbirlari doirasida o‘tkazilgan tadbirlar yuzasidan brifing
2025-07-09 15:30:00 / Matbuot anjumanlari

Davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan 2017-yildan buyon mamlakatimizda 30-iyun – “Yoshlar kuni” sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. Joriy yilda ham iyun oyi respublikada “Yoshlar oyligi” deb e’lon qilinib, uning doirasida Respublikamizning barcha hududlarida “Besh tashabbus olimpiadasi”, rassomlar ko‘rgazmalari, mushoira kechalari, vazirlik va idora rahbarlari, hokimlar, oliy ta’lim muassasalari rektorlarining yoshlar bilan ochiq muloqotlari tashkil etilib, 10 mlndan ortiq yosh qamrab olindi.
30-iyun – “Yoshlar kuni” munosabati bilan yoshlar o‘rtasida o‘zaro ishonch muhiti va jamoaviy birdamlik ruhini shaklllantirish, davlatning xalqchilligini mustahkamlashga qaratilgan quyidagi ishlar amalga oshirildi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar)larda vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari, hokimlar tomonidan “Yoshlar kuni” munosabati bilan faol va iqtidorli yoshlar, tanlov va musobaqalar g‘oliblari rag‘batlantirilib, hududlar markazlarida tuman (shahar)lardan tashrif buyurgan yoshlar ishtirokida bayram tadbirlari, gala-konsertlar tashkil etildi.
Xalqaro miqyosda yoshlar oyligi doirasida AQSH, Xitoy, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Polsha, Turkiya, BAA, Misr, Yaponiya, Koreya, Malayziya, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Latviya, Litva, Estoniya davlatlaridagi yosh vatandoshlarimiz uchun “Yoshlar forumi” tashkil etildi.
Toshkent shahrida 50 dan ortiq davlatdan 300 dan ziyod yoshlar, mutaxassislar va xalqaro ekspertlar Global yoshlar festivalining “Yoshlar siyosati sohasida xalqaro hamkorlik haftaligi”ning yakuniy sessiyalari o‘tkazildi.
30-iyun kuni davlatimiz rahbari Sh.M.Mirziyoyev ishtirokida o‘tkazilgan “Yoshlar kuni”ga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi:
Tadbirning asosiy qismida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan yoshlarga bayram tabrigi o‘qib eshittirilib, yoshlar bandligini ta’minlash, ularga qo‘shimcha qulaylik va imkoniyatlar yaratish maqsadida bir qancha tashabbuslar ilgari surildi va ushbu tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarga topshiriqlar berildi. Tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan bir guruh faol yoshlarga “Kelajak bunyodkori” medali va “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotlari topshirildi;
Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “Dolzarb 90 kun” tadbirlari doirasida iyun oyi davomida agentlik, uning hududiy boshqarmalari va hamkor vazirlik va idoralar tomonidan jami 14 mingdan ortiq tadbir tashkil etilib, mazkur tadbirlarga jami 417 ming nafar o‘quvchi-yoshlar jalb qilindi.
Jumladan, “Ibrat farzandlari”, “Qizlar akademiyasi”, “Mutolaa” loyihalari orqali 52 ming nafar yosh qamrab olindi. Shuningdek, “Yoshlar turizmi” oyligi tadbirlariga 20 ming nafar jalb qilindi.
O‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinida 42 ming nafar yosh ishtiroki ta’minlandi. Bundan tashqari, “Kurash” veb-seriali, “Bek va Lola”, “Beruniy sarguzashtlari”, “Yashil makon” multseriallari namoyishi hamda turli madaniy tadbirlarga 285 ming nafar yosh qamrab olindi.
