Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “Dolzarb 90 kun” tadbirlari va “Yoshlar oyligi” doirasida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan brifing
2025-06-02 14:00:00 / Matbuot anjumanlari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev rahbarligida 2025-yil 15-may kuni “Maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar”ga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida yozgi ta’til davrida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha “Dolzarb 90 kun” tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha topshiriqlari yuzasidan quyidagilar amalga oshirilishi belgilandi.
Dolzarb 90 kun doirasida 7 mln nafar o‘quvchi-yoshlarni madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlariga jalb qilish rejalashtirilgan. Shulardan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 3 mln, Yoshlar ishlari agentligi 1 mln, Sport vazirligi 640 ming, Mahallalar uyushmasi 260 ming, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 250 ming, Turizm qo‘mitasi va Madaniy meros agentligi 135 ming, Kasaba uyushmasi 158 ming, Madaniyat vazirligi hamda Kinematografiya agentligi 1,2 mln, Raqamli texnologiyalar vazirligi 101 ming va Kuch tuzilmalari 322 ming nafar yoshni qamrab olishni reja qilganlar.
Joriy yilda 11-sinf 500 ming nafar o‘quvchilari oliy ta’lim muassasalariga tayyorgarlik ishlarini olib borishini hisobga olib, 6 mln 1-10-sinf o‘quvchilar hamda 1 mln nafar 18-30 yoshni tadbirlarga jalb qilish ko‘zda tutilmoqda.
Joriy yilning 28-may kuni Yoshlar ishlar agentligida binosida vazirlik va idoralarning 21 nafar mas’ul xodimlaridan iborat SHTAB tashkil etildi. Yoshlar ishlari agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar boshqarmalarida ham shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
“Dolzarb 90 kun” tadbirlarini yuqori darajada tashkil etish bo‘yicha 17 ta vazirlik va idoralar bilan kelishilgan 18 banddan iborat chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Chora-tadbirlar dasturiga asosan 7 mln nafar o‘quvchi-yosh uchun vazirlik va idoralar tomonidan ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlari tashkil etiladi.
Ushbu vazifalarni yuqori darajada tashkil etish bo‘yicha joriy yilning 31-may kuni poytaxtimiz Toshkent shahri va barcha xududlarda “Dolzarb 90 kun” tadbirlariga start berildi.
Yoshlar ishlari agentligi tomonidan quyidagi loyihalar amalga oshiriladi:
1. “Ibrat farzandalari”, “Qizlar akademiyasi”, “Mutolaa” loyihalari doirasida 90 ming nafar o‘quvchi-yoshlar jalb qilinadi;
2. “Zakovat” loyihasi doirasida 120 ming nafar yoshlar jalb qilinadi;
3. “Yoshlar turizmi” oyligi tadbirlarini doirasida 30 ming nafar o‘quvchi-yoshlar jalb qilinadi;
4. Madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari doirasida 760 ming nafar o‘quvchi-yoshlar bo‘sh vaqti mazmunli tashkil etiladi.
Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasining “Yozgi ta’til vaqtida umumta’lim maktablari o‘quvchilari, talabalar, mahalladagi yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda 30-iyun – “Yoshlar kuni” tadbirlarini yuqori darajada o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi majlis bayoniga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida estradamizning yorqin yulduzlari, xalqimiz sevgan xushovoz xonandalar ishtirokidagi gala-konsert dasturlari tashkil etiladi. Mazkur konsert dasturlari 2-iyun kuni Andijon, 3-iyun kuni Farg‘ona, 4-iyun kuni Namangan, 7-iyun kuni Sirdaryo, 10-iyun kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 12-iyun kuni Xorazm, 14-iyun kuni Buxoro, 15-iyun kuni Navoiy, 17-iyun kuni Surxondaryo, 19-iyun kuni Qashqadaryo, 20-iyun kuni Samarqand, 21-iyun kuni Jizzax va 22-iyun kuni Toshkent viloyatlarida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2021-yildan boshlab o‘tkazilayotgan “Yoshlar ovozi” – Bo‘zatov FEST tanlovi ham yakuniy pallaga kirib keldi. Tanlov baxshchilik, an’anaviy ijro, opera va estrada yo‘nalishlari bo‘yicha mahalladan boshlanib, sektor, tuman, viloyat bosqichlarida o‘tkazildi. Ayni kunlarda tanlovning bu yilgi mavsumi avj pallasiga kirmoqda. Tanlovning respublika bosqichi Yoshlar oyiligi doirasida 3-7-iyun kunlari ilk marotaba Toshkent shahrida o‘tkaziladi.
Shuningdayek, “Global yoshlar festivali” doirasida 3-6-iyun kunlari Samarqand shahrida “Yoshlar tadbirkorligi” haftaligi tashkil etiladi. Haftalik doirasida xalqaro biznes marafon, O‘zbekiston-Pokiston yosh tadbirkorlar forumi, O‘zbekiston-Xitoy yosh tadbirkorlar forumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Tadbirlarni joylarda samarali tashkil etish va yoshlarni keng jalb qilish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi va hamkor tashkilotlar tomonidan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tadbir o‘tadigan joylar to‘g‘risida targ‘ibot ishlari amalga oshiriladi.
Brifingni video formatda ushbu havola orqali ko‘rishingiz mumkin.
