O‘ZBEKISTONNING YOSHLAR BILAN ISHLASH TAJRIBASI
2025-05-05 15:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

So‘zim avvalida Yangi O‘zbekistonda birgina yoshlar siyosati sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning jahon miqyosida tan olinayotganini anglatadigan bir nechta muhim ko‘rsatkichlarga e’tiboringizni qaratmoqchiman: So‘nggi 7 yilda O‘zbekiston tomonining yoshlar masalalariga oid o‘nga yaqin global tashabbus va takliflarini BMT tan olib, xalqaro miqyosda keng ommalashtirgan; O‘zbekiston BMTning “Yoshlar – 2030” strategiyasini amalga oshirayotgan 10 ta davlat qatoriga kiritildi; 2023 yilda Yoshlar taraqqiyoti indeksi (Bryussel)ga ko‘ra, O‘zbekiston yoshlar siyosati sohasida eng tezkor suratlar bilan rivojlanayotgan mamlakat deb e’tirof etildi; 2022 yilda Buxoro shahri birinchi turkiy dunyo yoshlar tashabbuslari poytaxti, 2024 yilda Toshkent shahri birinchi MDH yoshlar poytaxti, deb e’lon qilindi...
Muhtaram Prezidentimizning qat’iyati va shaxsiy irodasi bilan “Hech bir yosh e’tibordan chetda qolmaydi”, degan muhim hayotiy tamoyil amaliyotga tatbiq etilayotgani natijasida qariyb 20 millionlik yoshlar qatlamiga bir ko‘z bilan qarab, intilishlarini qo‘llab-quvvatlaydigan, kerak bo‘lsa, yelka tutib, katta-kichik muammolariga birgalikda yechim topadigan tizim vujudga keldi. Bunday oqilona siyosatning samarasi o‘laroq yosh avlod vakillari xalqaro maydonlarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlarni sanab o‘tirishimga hojat yo‘q deb o‘ylayman. Bular O‘zbekiston yoshlar bilan ishlash sohasida o‘zining milliy modelini, samarali tizimini yaratayotganining mevasidir.
Joriy yil 13–18 aprel kunlari BMT bosh qarorgohida BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy Kengashi Yoshlar forumi (ECOSOC) ochilish marosimida O‘zbekiston yoshlari delegatsiyasining muvaffaqiyatli ishtiroki bu sohadagi munosib qadamlarimizdan biri bo‘ldi.
Mazkur nufuzli anjumanda mamlakatimiz yoshlar delegatsiyasi 2018 yildan buyon muntazam ishtirok etib, o‘z qarashlari, taklif va tashabbuslarini ilgari surib kelmoqda. Dunyo yoshlarining kelajagi haqida muhim qarorlar muhokama qilinadigan bu nufuzli forumning asosiy maqsadi – yoshlar 2030 yilgacha dunyoni yaxshilashga qaratilgan rejalar (ya’ni Barqaror Rivojlanish Maqsadlari) bo‘yicha o‘z fikr va g‘oyalarini xalqaro miqyosda bildirishlari hamda BMT qarorlariga ta’sir ko‘rsatishi uchun imkoniyat yaratishdir.
Forum doirasida delegatsiyamiz O‘zbekistonda yoshlar siyosati sohasida olib borilayotgan samarali islohotlar va ularning natijalari haqida taqdimot qilishi, xalqaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida Nyu-York shahrida qator uchrashuv, muzokaralar o‘tkazishi ko‘zda tutilgan edi.
E’tiborli jihati, 200 ga yaqin mamlakat ichida O‘zbekiston yoshlariga BMT minbarida birinchi bo‘lib taqdimot qilish imkoniyati berildi. Ma’ruzada bugungi kunda yoshlar duch kelayotgan muammolarni bartaraf etishda raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va kreativ iqtisodiyot imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarurligi, bu borada davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarni, shu jumladan, yosh xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 100 dan ortiq imkoniyatlar va milliy jamg‘arma tashkil etilgani to‘g‘risida taqdimot qilindi. Jahon hamjamiyati mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar va berilayotgan e’tiborni yuksak e’tirof etib, O‘zbekiston yoshlarining raqamli savodxonlikni oshirish, yoshlar ta’limiga sarmoyani kengaytirish va inklyuziv makonlar yaratishga oid chaqirig‘ini qo‘llab-quvvatladi.
Shuningdek, “Vakolatli yosh xotin-qizlar – gender tenglikni ta’minlash” mavzusidagi yalpi yig‘ilishda ishtirok etgan delegatsiyamiz vakillari xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy kasblarga o‘rgatish muhim ekanligi va mamlakatimizda xotin-qizlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning ta’lim bilan qamrab olinganligi, davlat boshqaruvidagi o‘rni va bandligini ta’minlash borasidagi ijobiy natijalari bo‘yicha ma’lumot berdi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakolatxonasi bilan hamkorlikda yoshlar delegatsiyasi tomonidan “Yoshlar yetakchiligida ilmiy innovatsiyalar, siyosiy va amaliy harakatlar: Kelajak uchun hamkorlikni rivojlantirish” mavzusida davra suhbati tashkil etilib, O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi amaliy ishlar va kelgusidagi rejalar namoyish etildi.
Darhaqiqat, dunyo mamlakatlarining yoshlar siyosati yetakchilari va innovasion fikrlovchi yoshlar jamlangan forum biz uchun xalqaro sahnada o‘z so‘zimizni aytish, hamkorlik va tajriba almashish uchun noyob imkoniyatdir. Shu bois, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish va vatandoshlar bilan muloqot qilish maqsadida qator samarali uchrashuvlar o‘tkazdik.
BMT rasmiylari bilan muloqotlar
Jumladan, BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Yoshlar ofisi rahbari Felipe Paulliyer bilan muloqot ko‘tarinki va iliq ruhda o‘tdi. Felipe Paulliyer O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida yoshlar siyosati bo‘yicha haqiqiy namuna sifatida ajralib turganini ta’kidladi. BMTning “Yoshlar strategiyasi – 2030” doirasida O‘zbekiston dunyoning eng ilg‘or 10 mamlakati qatoridan joy olgani, “Kelajak pakti” tashabbusining mintaqada aynan O‘zbekistonda namuna sifatida yo‘lga qo‘yilgani alohida e’tirof etildi.
Shu bilan birga, F.Paulliyer joriy yilning may-iyun oylarida O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Global yoshlar festivalida ishtirok etish istagini bildirdi.
BMT Bosh kotibining o‘rinbosari, Dengizga chiqish imkoniyati cheklangan davlatlar bo‘yicha Oliy vakil Fatima Rabab bilan uchrashuvda O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarining rivojlanish tendensiyalari, Toshkent shahrida BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamkorligida tashkil etilgan “Dengizga chiqish imkoniyati cheklangan, rivojlanayotgan davlatlarda oziq-ovqat xavfsizligi va Barqaror rivojlanish maqsadlari” xalqaro forumining ahamiyati, kelgusidagi tadbir va loyihalar yuzasidan fikr almashildi.
Xususan, Turkmanistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Dengizga chiqish imkoniyati cheklangan rivojlanayotgan davlatlarning 3-Konferensiyasi” doirasida yoshlar forumini tashkil etish hamda 2025 yil may oyida o‘tkaziladigan Raqamli “yashil” tashabbuslar Global yoshlar festivalida Fatima Rababning ishtiroki yuzasidan kelishuvga erishildi.
Forum kun tartibidan o‘rin olgan yana bir uchrashuv YUNESKOning Nyu-Yorkdagi vakolatxonasi rahbari Elliot Minchenberg bilan bo‘ldi. Uchrashuvda joriy yil oktyabr oyida Samarqand shahrida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan YUNESKOning 43-sessiyasi doirasida 14-YUNESKO Yoshlar forumini hamkorlikda tashkil etish yuzasidan fikr almashildi. YUNESKO vakili O‘zbekistonni bunday yuksak ishonch va masuliyat bilan tabrikladi.
Ta’lim va startaplar sohasida hamkorlik rivojlanadi
Bugungi kunda dunyoning top oliy o‘quv yurtlarida 1,5 mingdan ziyod talabalarimiz tahsil olmoqda. Bu ilgari O‘zbekiston tarixida kuzatilmagan ko‘rsatkich. So‘nggi 7 yilda birgina “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali 2 ming 300 nafar yosh xorijga o‘qish uchun yuborilgan.
Davlatimiz rahbari shu yil 14 fevral kuni mamlakat yoshlari bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida xorijda o‘qiyotgan har bir talabaga bosh-qosh bo‘lib, ehtiyojlarini aniqlash, Vatanga qaytib, o‘z o‘rnini topishi, muvaffaqiyatli karyera qilishi kabi masalalarda Yoshlar ishlari agentligi zimmasiga alohida vazifalarni yuklagan edi.
Qolaversa, yoshlar ta’limi, ilm-fan, zamonaviy tadbirkorlik, jumladan, kreativ iqtisodiyot sohalarida O‘zbekiston yoshlari uchun yangi ufqlarni ochish, imkoniyatlarni kengaytirish bo‘yicha tegishli tashkilot va mutasaddilar bilan muzokaralar olib borish delegatsiyamiz oldiga qo‘yilgan eng muhim messiyalardan biri edi.
Shu maqsadda 11 ta xorijiy va xalqaro tashkilotning 50 nafarga yaqin vakillari ishtirokida davra suhbati, “Starta Ventures”, “The FedCap”, “NY Tech Alliance” kompaniyalari rahbarlari bilan startaplarni moliyalashtirishga bag‘ishlangan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Jumladan, “Starta Ventures” kompaniyasi Nyu-York startap ekotizimidagi ilg‘or amaliyotlari bilan mashhur. Kompaniyaning AQSHda startap va texnologiyalar sohasidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, Nyu-York meriyasi tomonidan yaratilgan imkoniyatlar e’tiborimizni tortdi.
“NY Tech Alliance” tashkiloti esa 60 mingga yaqin texnologik kompaniya va startaplarni birlashtirgan. O‘zbekistonda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan startap loyihalarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotgan bir paytda ushbu kompaniyalar faoliyatini o‘rganish, xalqaro tajribalarni o‘zlashtirish yoshlarimiz uchun foydadan xoli bo‘lmaydi.
“The FedCap” kompaniyasining AQSHda ta’lim va fan yo‘nalishlarida yoshlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlari diqqatga molikdir. Tashkilot vise-prezidenti Jim Malatras bilan uchrashuvda bu borada o‘zaro tajriba almashildi. O‘zbekiston rahbarining tashabbusi bilan har yili o‘n minglab talabalarning kontrakt pullari davlat tomonidan qoplab berilayotgani, talaba qizlarga foizsiz ta’lim kreditlari ajratilayotgani, magistraturada o‘qitish to‘liq bepul amalga oshirilayotgani, endilikda kambag‘al oilalarning iqtidorli farzandlari ham chet eldagi nufuzli oliy o‘quv yurtlarida tahsil olishi uchun shart-sharoitlar yaratilayotgani e’tirof etildi.
Jonli va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvlar yakunida “Yoshlar Ventures”, Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi bilan “NY Tech Alliance” va “The FedCap” o‘rtasida hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. O‘ylaymanki, bu texnologik rivojlanishga qiziqqan o‘zbekistonlik yoshlar uchun yangi imkoniyatlar, tajriba almashish va mutaxassislarni jalb qilish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.
Shuningdek, delegatsiyamiz Kaliforniya shtatining Silikon vodiysida “Coursera”, “500 Global”, “Plug and Play”, “Silkroad Innovation Hub”, “HP”, “Google”, “StartX” kompaniyalari, Minerva va Stenford universitetlari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Hamkorlik anjumanlarida O‘zbekiston yoshlarini global raqamli bilimlar tizimiga integratsiya qilish, zamonaviy ko‘nikmalarni rivojlantirish, onlayn kurslar orqali kasbiy malaka va raqobatbardoshlikni oshirish, ta’limni mehnat bozori talablariga uyg‘unlashtirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar ta’lim sohasidagi strategik hamkorlikni kuchaytirish, yoshlarni sifatli ta’lim resurslariga jalb etish hamda ularning bandligini ta’minlash yuzasidan fikr almashdi.
Bugungi kunda “Coursera” onlayn ta’lim platformasi, “Plug and Play – Uzbekistan” filiali, “Silkroad Innovation Hub”, “Startx” kompaniyalari bilan hamkorlikda qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Uchrashuvda “Silkroad Innovation Hub” kompaniyasi Markaziy Osiyo va O‘zbekiston uchun maxsus yangi – “Silikon vodiysi amaliyot dasturi” loyihasini taqdim etdi. E’tiborga molik jihati shundaki, “Silkroad Innovation Hub” kompaniyasiga Stenford universiteti bitiruvchilari – o‘zbekistonlik Asror Arabjonov va qozig‘istonlik Aset Abdualiyev asos solgan. Ular taqdim etgan dasturga ko‘ra, o‘zbekistonlik 10-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida mahalliy startaplar chempionati o‘tkazilib, g‘olib va sovrindorlarni Kaliforniya shtatining Palo Alto shahrida joylashgan Silikon vodiysiga 1 oylik maxsus amaliyot dasturiga yuborish ko‘zda tutilgan.
Umuman, delegatsiyamizning ta’lim, tadbirkorlik va ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi muloqotlari kutilganidek samarali o‘tdi. Stenford universitetida dunyoga mashhur “Venture Mindset” kitobi muallifi – professor Ilya Strebulayev bilan uchrashuv ham shulardan biri bo‘ldi. Professor O‘zbekistonda startaplarni rivojlantirish va venchur fondlarni qo‘llab-quvvatlash kabi masalalar yuzasidan tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi. Muloqotda professorning mashhur kitobini o‘zbek tiliga tarjima qilish hamda kitob taqdimotida muallifning ishtiroki masalalari muhokama qilindi.
Innovasion ta’limning jozibadorligi
Shu o‘rinda, O‘zbekiston yoshlar delegatsiyasining AQSH safaridagi muhim voqealardan biri San-Fransiskoda joylashgan Minerva universitetiga tashrifi haqida atroflicha to‘xtalmoqchiman. Dunyoning eng innovasion oliy ta’lim muassasalaridan hisoblangan bu universitet bilan uchrashuv mamlakatimiz oliy ta’lim tizimini global standartlarga moslashtirish yo‘lida samarali bo‘lishi mumkin.
So‘nggi uch yil mobaynida (2022–2024) innovasion yondashuvi bilan dunyo miqyosida tan olingan Minerva universiteti o‘zining startaplarni rivojlantirish, zamonaviy o‘quv uslublari va venchur moliyalashtirishdagi muvaffaqiyatli tajribasi bilan ajralib turadi. Universitet asoschisi va rektori Ben Nelson bilan muloqotda ayni tajribalarni O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlariga moslashtirish masalalarini ko‘rib chiqdik.
Ben Nelsonning fikricha, “universitetdagi sifatli ta’lim uchun eng muhim omil katta, qimmat kampus emas, balki sayohat orqali o‘rganishdir”.
Uning ta’lim modeliga ko‘ra, talaba 4 yil (8 ta semestr)ni 7 ta shaharda o‘tkazadi va amaliyotda qatnashadi. Birinchi va oxirgi semestr San-Fransiskoda, qolganlari Seul, Taypey, Haydarobod, Buyenos Ayres, Tokio va Berlinda o‘tadi. Akademik yil davomida talaba professorlar bilan doimiy muloqotda bo‘ladi va darslar innovasion platforma orqali, amaliyot bilan uyg‘un olib boriladi.
Universitet bitiruvchilari dunyoning nufuzli kompaniyalariga ishga kirmoqda. Chunki kompaniyalarga hammasini boshidan o‘rgatish kerak bo‘lgan odamlar emas, balki soha ichida tajribaga ega yoshlar kerak.
Minervaning ta’lim modelidan namuna olib, mamlakatimizda ham startap ekotizimini mustahkamlovchi va talabalarga amaliy bilim berishga yo‘naltirilgan dasturlarni joriy etish zarur deb o‘ylayman. Bu nafaqat innovasion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash, balki ilm-fan bilan biznes o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirish imkonini beradi.
O‘zbekiston yoshlarining Minerva tajribasini o‘rganishga qiziqishi mamlakatimizda innovasion ta’limga ehtiyoj ortayotganini ko‘rsatadi. Uzoq muddatli istiqbolda bunday tashabbuslar global bilim maydoniga integratsiyalashuvning asosiy omillaridan biri bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
AQSHdagi vatandoshlar bilan uchrashuvlar
Xorijdagi vatandoshlarning muammolarini o‘rganish va ularga yechimlar topish davlatimiz siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Shu bois, AQSHdagi vatandoshlar bilan uchrashuvlarimiz juda samimiy va samarali o‘tganini ta’kidlashni istardim. Xususan, Nyu-Yorkdagi “Mahalla USA” va “ZiyoArt” ta’lim markazida vatandoshlar hamjamiyatlari rahbarlari va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan hamyurtlarimiz bilan muloqot o‘tkazdik.
Uchrashuvda Grin-karta (Green card) orqali AQSHga kirib kelayotgan vatandoshlarning aksariyatida qonun-qoidalarni, til va kasb bilmaslik holatlari muammoga aylanib borayotgani, AQSHga kelish istagini bildirgan vatandoshlar uchun maxsus moslashuv dasturini ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.
Amerika oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan yoshlarimiz ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Shu bois delegatsiyamiz vakillari “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari va Ivy League (Pechak ligasi – AQSHdagi 8 ta nufuzli xususiy) universitetlarida tahsil olayotgan iqtidorli talabalarimiz bilan ochiq muloqot o‘tkazishga qaror qildi. Uchrashuvda texnologiya, ta’lim, iqtisodiyot, tibbiyot kabi dolzarb yo‘nalishlarda fikr almashildi, taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
“El-yurt umidi” stipendiati – Nyu-Yorkda tahsil olayotgan qoraqalpog‘istonlik Gulxumor Jaxsilikovaning hikoyasi – chekka qishloqdan boshlangan yo‘li, orzulari va jasorati bugungi islohotlar samarasi sifatida e’tirof etildi. BMT Bosh qarorgohi huzuridagi Xalqaro savdo markazida faoliyat yuritayotgan Diyora Shukurova ham yoshlarimizning xalqaro maydondagi nufuzini yana bir bor namoyon etdi. Nyu-Yorkdagi bu samimiy uchrashuv yangi rejalar va xalqaro loyihalar uchun mustahkam zamin bo‘ldi, desam adashmayman.
***
AQSH safar davomida erishilgan kelishuvlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, vatandoshlar bilan uchrashuvlarda bildirilgan taklif va tashabbuslarni hayotga tatbiq etish maqsadida alohida “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilmoqda. Ishonchim komilki, BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy Kengashi Yoshlar forumi doirasi erishilgan kelishuvlar yurtimiz yoshlariga yangi imkoniyatlarni yaratish, pirovardida yoshlar siyosati sohasida O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Ushbu maqolani “Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2025-yil 3-may kungi 90 (1416)-sonida o‘qishingiz mumkin
Alisher SA’DULLAYEV,
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori,
senator





