Qoraqalpog‘iston yoshlari bilan ochiq muloqot
2024-11-09 18:00:00 / Yangiliklar

Kuni kecha Yoshlar masalalari bo‘yicha Respublika komissiyasi raisi Qahramon Quranboyev va komissiya a’zolari, xususan, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev hamda Ma’naviyat va ma’rifat markazi direktori Otabek Hasanovlar Nukus shahridagi Yoshlar markazida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.
Shuningdek, Agentlik direktori Nukus shahrida yangi qurilayotgan “Yoshlar markazi” va “Ochiq amfiteatr”ni zamonaviy kasblar, intellektual musobaqalar, minglab kitoblar bilan boyitilgan kutubxona va yangi texnologiyalar bilan jihozlash takliflarini bildirdi.
Shundan so‘ng, yoshlar yetakchisi qoraqalpoq yoshlari bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazdi. Unda 30 dan ortiq taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, ular axborot texnologiyalari sohasida xizmat ko‘rsatish va malaka oshirish uchun amaliy yordam so‘rab, bu yo‘nalishda O‘zbekistondagi eng tajribali kompaniyalar bilan bog‘lanish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Dunyoning eng nufuzli universitetlarida ta’lim olish uchun “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali o‘quv-seminarlar tashkil etish va yosh fermerlarni qo‘llab-quvvatlash uchun innovatsion g‘oyalar tanlovini o‘tkazish takliflari ilgari surildi. Uchrashuv davomida O‘zbekistondagi eng yaxshi brendlarni Qoraqalpog‘istonga jalb etish masalalari ham muhokama qilindi.







