Xorijiy ekspertlardan iqtiboslar
2024-10-25 18:00:00 / Yangiliklar

#Xalqarosessiya #Iqtibos
Toshkent shahrida 17-26-oktabr oralig‘ida Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi o‘tkazilmoqda. Haftalik doirasida 25-oktabr kuni “Renessans Hall” majmuasida “Yangi O‘zbekistonda yoshlar siyosati va sport sohasida erishilgan yutuqlar va istiqboldagi vazifalar” mavzusida xalqaro sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyada xorijiy ekspertlar tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalardan iqtiboslar.
Saida Amna Batul, Pokiston Bosh vaziri ofisi vakili, Pokiston Milliy Assambleyasi a’zosi :
Yangi O‘zbekistonda yoshlar siyosati sohasidagi yutuqlar va soha bo‘yicha istiqboldagi strategiyalar muhokamasiga bag‘ishlangan ushbu konferensiyada ishtirok etayotganimdan mamnunman.
Qayd etish joiz, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning muhim davlatlaridan biridir. Biz o‘zbek jamiyati va xalqi bilan islomiy, tarixiy va madaniy aloqalarga egamiz. O‘zbekistonga kelganimizda, o‘zimizni mehmondek emas, go‘yo ikkinchi uyimizga kelgandek his qilamiz.
Bu konferensiyada bizga global aloqalarni kengaytirish va yoshlar rivoji hamda taraqqiyoti haqida fikr almashish imkoniyatini berdi.
UNICEF hisobotiga ko‘ra, dunyo aholisining 16 foizi yoshlardan iboratdir. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2030-yilgacha dunyoda yoshlar soni 7 foizga oshadi va bu raqam 1,3 milliardga yetadi.
Biz yoshlar sonining dunyo miqyosida ortib borayotganini inobatga olib, ularning ta’lim olishi, sog‘ligi, farovon hayot tarzini ta’minlash yo‘lidagi reja va maqsadlarni birgalikda ishlab chiqishimiz zarur.
Rafael Xajibayli, Ozarbayjon Milliy yoshlar tashkilotlari assambleyasi rahbari:
Bugun yoshlar rivoji yo‘lidagi umumiy maqsad va mas’uliyat atrofida to‘planganimiz meni juda quvontiradi. Biz turli mamlakatlardagi yoshlar ovozlari va g‘oyalarini ifoda etamiz, bizni birlashtiruvchi maqsad – kelajak avlod uchun yorqinroq va yaxshiroq kelajak yaratishdir.
Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, joriy yilning avgust oyida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti janob Ilhom Aliyev O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyurdi, bu ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar rivojida yangi sahifani ochdi. Tashrif davomida o‘zaro iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish, infratuzilmani kengaytirish va siyosiy muloqotni yanada chuqurlashtirish masalalari muhokama qilingandi.
Milliy Yoshlar Kengashi sifatida biz ushbu tashrifda belgilangan yo‘nalishlarni amalga oshirishga va yetakchilarimiz tomonidan belgilangan maqsadlarga erishishga o‘z hissamizni qo‘shishga sodiqmiz.
Bundan tashqari, O‘zbekiston va Ozarbayjon yoshlar tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini, xususan ta’lim, startaplar va ijtimoiy tadbirkorlik sohalarida tajriba va amaliyotlar almashinuvini ko‘rishimiz mumkin.
Globallashuv davrida xalqaro aloqalar yillar davomida faoliyatimizning ajralmas qismiga aylandi va ayniqsa, O‘zbekiston bilan hamkorlik biz uchun juda muhim. Chunki siz bizning yaqin va qardosh hamkorimizsiz. Turkiy davlatlar sifatida biz o‘z tarixiy ildizlarimizni chuqur anglaymiz, bu esa hamkorligimizning ajralmas va muhim poydevoridir.
Liu Xi, “Hi China” Xalqaro yoshlarni rivojlantirish Alyansi Prezidenti:
Yoshlar milliy taraqqiyot va xalqaro munosabatlarni rivojlantirishda hal qiluvchi o‘ringa ega ekanini chuqur anglayman. So‘nggi yillarda O‘zbekiston yoshlar siyosati sohasida ajoyib natijalarga erishdi. Innovatsion va yetakchilikka yo‘naltirilgan ko‘plab loyihalar orqali mamlakat kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratdi. Biz bu yutuqlarni juda yuqori baholaymiz.
Biz kelgusida Xitoy va O‘zbekiston yoshlari o‘rtasidagi hamkorlik va almashinuvni bardavom va mustahkam bo‘lishining tarafdorimiz. Ikki mamlakat yoshlari uchun almashinuv dasturlarini davom ettirishdan, hamkorlikdagi loyihalarni rivojlantirish va soha taraqqiyoti yo‘lida bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashdan mamnun bo‘lamiz.
Tadbirkorlik va innovatsiyalar zamonaviy iqtisodiyotning harakatlantiruvchi kuchidir. “Hi China” deyarli 100 nafar xitoylik tadbirkor va O‘zbekiston tijoriy korxonalari o‘rtasida hamkorlikni tashkillashtirgan. “Hi China” tadbirkorlik hamkorliklarini davom ettirishni, tajriba, resurslar va bozor imkoniyatlarini o‘rtoqlashishda o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni istaydi. Ikki davlat yosh tadbirkorlarining innovatsiya va tadbirkorlik sohalarida yanada chuqur hamkorlik qilishlarga umid qilamiz, bu esa ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantiradi.
Ibrohim Beshinji, Turkiyaning yoshlar jamg‘armasi rahbari:
Turkiya yoshlar jamg‘armasi (TÜGVA) nomidan bugun bu konferensiyada ishtirok etish men uchun katta sharaf. Bugun xalqaro maydonda yoshlar sohasidagi loyihalarimizni sizlar bilan bo‘lishishdan xursandmiz.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda yoshlar siyosati sohasi katta sur’at bilan rivojlanmoqda. Yoshlarni ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda qo‘llab-quvvatlash mamlakatning asosiy ustuvorliklaridan biriga aylandi.
O‘zbekiston hukumati yoshlarning ta’lim, texnologiya va tadbirkorlik sohalarida faolroq rol o‘ynashini ta’minlash uchun katta sarmoyalar kiritmoqda. Biz davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorligimizni kuchaytirib, madaniy almashinuv va birdamlikni oshirishni maqsad qilganmiz.
Shu o‘rinda Turkiya va O‘zbekiston yoshlari o‘rtasidagi mustahkam hamkorlikdan mamnun ekanimizni e’tirof etmoqchiman. Hamkorligimiz mustahkam va bardavom bo‘lsin!
#Xalqarosessiya #Iqtibos





