Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish
2026-04-25 09:05:00 / Majlislar

Bugun, 25-aprel kuni Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev va Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov ishtirokida respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha Respublika idoralararo muvofiqlashtirish Kengashining navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazildi.
Videoselektor tarzida o‘tkazilgan mazkur yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Parlament va Hukumat a’zolari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, boshqa vazirlik va idoralarning rahbarlari, Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabining a’zolari, viloyat, tuman–shahar hokimlari, prokurorlar, ichki ishlar idoralari rahbarlari, hududiy ishchi guruh a’zolari, shuningdek boshqa idoralar vakillari ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 05.01.2026-yildagi 1 va 2-sonli qarorlari va mamlakatda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olishga doir vazifalar ijrosi tanqidiy muhokama qilindi.
Yig‘ilishda Davlat rahbarining tashabbuslari bilan mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash choralari mutlaqo yangicha yondashuvlar va samarali mexanizmlar asosida hududlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida amalga oshirilgan ishlarga to‘xtab o‘tildi.
Ta’kidlanishicha, 2025-yil va joriy yilning o‘tgan davrida mahallalarda 20 mingdan ziyod “namunaviy xavfsiz ko‘cha” va 50 mingga yaqin “xavfsiz yo‘lak”lar tashkil etildi, aholi gavjum joylarga minglab videokuzatuv, yuzni va avtoraqamlarni tanib oluvchi kameralar o‘rnatilgan. 300 mingga yaqin obyektlar texnik qo‘riqlovga olingan, bir necha o‘n minglab tashvish tugmalari, zamonaviy domofon komplekslari o‘rnatilgan, huquqbuzarlik sodir etish va undan jabrlanish ehtimoli bo‘lgan fuqarolarning maishiy-ijtimoiy muammolari hal etilgan.
Shu bilan birga, mutasaddilar tomonidan qarorlar ijrosini ta’minlashda yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklarni har bir hudud va soha kesimida aniq raqamlar va misollar bilan ta’kidlandi.
Tadbirda respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabi a’zolari, mas’ul idoralar rahbarlari va hokimlarning kamchiliklari yuzasidan tushuntirish va izohlari eshitildi, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan mutasaddilarga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, “Nuroniylar” jamg‘armasi raisi S.Turdiyev, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev va boshqa tegishli vazirlik va idoralar ishtirokchilari so‘zga chiqib, o‘z fikr va mulohazalarini bildirishdi.









