Yoshlar va imkoniyatlar o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik
2026-02-27 14:00:00 / Yangiliklar

Har bir yosh o‘z fikri eshitilishini va muammosiga yechim topilishini istaydi. Bugungi islohotlar jarayonida aynan shu tamoyil yoshlar siyosatining bosh mezoniga aylanmoqda. Oliy ta’lim muassasalaridagi yoshlar yetakchilari esa bu jarayonda bevosita ijrochi va yoshlar bilan davlat o‘rtasida “ishonchli ko‘prik” vazifasini bajaradi.
Shu maqsadda Yoshlar ishlari agentligi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamkorligida oliy ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan yoshlar yetakchilari uchun amaliy o‘quv-seminar tashkil etildi.
Seminar davomida nimalarga e’tibor qaratildi?
Dastavval, davlatimiz rahbarining yoshlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqoti davomida ilgari surilgan yangi tashabbus va imkoniyatlarning mazmun-mohiyati hamda har bir bandining amaliy ijrosi bo‘yicha batafsil to‘xtalib o‘tildi.
Shundan so‘ng, Agentlik huzurida tashkil etilgan ommabop loyihalar mas’ullari tomonidan taqdimotlar o‘tkazildi. Unda yetakchilarga zamonaviy va talab yuqori bo‘lgan sohalar — xorijiy tillar, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt hamda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash loyihalari amaliy misollar yordamida tushuntirib berildi.
Asosiy maqsad — yurtimizda yaratilayotgan barcha shart-sharoit va imkoniyatlarni har bir talaba-yoshgacha yetkazish hamda ularning tashabbuslarini amaliy qo‘llab-quvvatlashdir!
#YoshlarAgentligi #YoshlarIttifoqi #YoshlarYetakchilari






