Yilning eng yirik yoshlar harakatiga start berildi!
2026-02-21 13:45:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ulardagi yashirin iqtidorlarni yuzaga chiqarish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2022-yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan 5 bosqichli “Besh tashabbus olimpiadasi” o‘zining yangi mavsumini ochiq deb e’lon qildi.
Bugun poytaxtimizda qad rostlagan muhtasham Olimpiya shaharchasining “Jamoaviy sport turlari” majmuasida yoshlar o‘rtasida 5-marotaba tashkil etilayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi va Paralimpiadasi” loyihalarining 2026-yilgi mavsumi tantanali ochilish marosimi yuqori ko‘tarinkilik ruhida bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda yoshlar siyosati, sport va madaniyatga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaliy namunasi sifatida ushbu nufuzli tadbirda ko‘plab davlat va jamoat arboblari, vazirlik hamda idoralar rahbarlari ishtirok etishdi.
Xususan, ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sport bo‘yicha vakili Odil Abdurahmonov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansur Olloyorov, Sport vaziri Adkham Ikramov, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova, Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi o‘rinbosari Jahongir Jo‘rayev, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov hamda O‘zbekiston Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev qatnashib, yoshlarga kelgusi bellashuvlarda ulkan zafarlar tiladilar.
Tantanali tadbirda viloyat studiyalaridan “mahalla yettiligi” vakillari, olimpiadaning avvalgi mavsum g‘olib va sovrindorlari, iqtidorli yoshlar, oliy ta’lim muassasalari talabalari, umumta’lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari, shuningdek, taniqli sportchilar, madaniyat sohasi vakillari hamda hamkor tashkilotlar xodimlari faol qatnashdi.
Raqobat va natijalar: 2025-yil sarhisobi
Yangi mavsum oldidan hududlar o‘rtasidagi sog‘lom raqobatni tahlil qilish maqsadga muvofiqdir. Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, “Besh tashabbus olimpiadasi”ning 2025-yilgi yakuniy natijalariga ko‘ra eng yuqori ko‘rsatkichlarni quyidagi hududlar qayd etgan:
1-o‘rin: Toshkent shahri — 23 ta oltin, 18 ta kumush, 18 ta bronza medal;
2-o‘rin: Samarqand viloyati — 20 ta oltin, 15 ta kumush, 10 ta bronza medal;
3-o‘rin: Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 14 ta oltin, 5 ta kumush, 15 ta bronza medal.
Shu bilan birga, jadvalning quyi qismidan joy olgan va natijasi nisbatan past bo‘lgan hududlar joriy yilda o‘z ko‘rsatkichlarini yaxshilash uchun yanada faol harakat qilishlari talab etiladi:
12-o‘rin: Xorazm viloyati — 6 ta oltin, 5 ta kumush, 7 ta bronza medal;
13-o‘rin: Andijon viloyati — 5 ta oltin, 5 ta kumush, 9 ta bronza medal;
14-o‘rin: Toshkent viloyati — 4 ta oltin, 12 ta kumush, 11 ta bronza medal.
Olimpiadaning joriy yilgi mavsumi yanada qizg‘in va murosasiz kechishi kutilmoqda. Dastur doirasida yoshlar o‘rtasida jami 23 ta turli tanlov va sport musobaqalari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Bu esa minglab yoshlar uchun o‘z iqtidorini ro‘yobga chiqarish va respublika miqyosida e’tirof etilish uchun yana bir yirik imkoniyatdir.









