Hamkorlik memorandumi imzolandi
2026-02-13 10:50:00 / Yangiliklar

Mustaqillik — bu yangilanish, taraqqiyot, shukronalik va yuksak ma’naviyat timsoli!
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini mahallalarda keng nishonlash va bu boradagi chora-tadbirlarni hamkorlikda amalga oshirish yuzasidan Memorandum imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi rahbarlari ishtirok etidi. Shuningdek, hududiy studiyalardan “mahalla yettiligi” mas’ullari, 8 992 nafar mahalla raislari, yoshlar yetakchilari va jamoatchilik vakillari qatnashdilar.
Maqsad va vazifalar
Mazkur hamkorlikdan ko‘zlangan asosiy maqsad — mahalla institutining salohiyatini ijodkorlar imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirishdir. So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samaralarini badiiy va ijodiy asarlar orqali keng targ‘ib qilish, bu orqali jamiyatda shukronalik, vatanparvarlik va daxldorlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Rejadagi yirik loyihalar
Memorandum doirasida Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida quyidagi keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilishi rejalashtirildi:
-
“Yangi O‘zbekiston shukronaligi” mavzusida ijodiy tanlovlar o‘tkazish;
-
Respublikamizdagi 208 ta tuman va shaharda hamda 14 ta hududda “Shukronalik” nomli kitoblarni chop etish;
-
Har bir mahallaning o‘ziga xos tarixi va buguni haqida hikoya qiluvchi kitob va kataloglar yaratish;
-
Mahallalarda har faslda bittadan sara badiiy asarni targ‘ib qilib, yil yakunida 208 ta asardan iborat katalog va fotoko‘rgazmalar tashkil etish;
-
Eng faol va munosib ishtirokchilarni qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlash.
Ushbu memorandum mahalla va ijodiy jamoatchilik hamkorligini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqib, joylarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.









