Giyohvandlikka qarshi kurashish
2026-01-30 15:00:00 / Matbuot anjumanlari

Yoshlar kelajagiga tahdid soluvchi illatlarga qarshi kurashishda davlat idoralari va jamoatchilik kuchlari birlashmoqda. 30-yanvar kuni O‘zbekiston milliy kino san’at saroyida o‘tkazilgan matbuot anjumani aynan ushbu dolzarb masalaga bag‘ishlandi.
Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi, Ichki ishlar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda O‘zbekiston mahallalar uyushmasi hamkorligida “Yoshlar orasida giyohvandlik va psixotrop moddalarning tarqalishiga qarshi kurashish keng qamrovli tezkor-profilaktik oyligi”ga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjuman nafaqat poytaxtdagi mas’ullarni, balki butun respublikani qamrab oldi. Tadbirda tegishli vazirlik va idoralarning rahbar xodimlari, soha mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari bevosita ishtirok etgan bo‘lsa, respublikamizning barcha viloyat, shahar va tuman hokimliklari, joylardagi mas’ul tashkilotlar vakillari onlayn platforma orqali muloqotga qo‘shildilar.
Matbuot anjumanida respublikadagi bugungi narkovaziyat tahlili hamda start berilayotgan oylikni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha strategik rejalar muhokama qilindi.
Xususan, mas’ullar tomonidan quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha batafsil axborot berildi:
- Yoshlar orasida giyohvandlik va psixotrop moddalar tarqalishining oldini olishga qaratilgan profilaktik-ogohlantiruv tadbirlari;
- Ta’lim muassasalari va mahallalarda olib boriladigan targ‘ibot-tushuntirish ishlarining ta’sirchan mexanizmlari;
- Yoshlarda zararli illatlarga qarshi mustahkam immunitetni shakllantirish bo‘yicha yangi loyihalar.
Tadbir davomida alohida urg‘u berilgan jihatlardan biri — bu ommaviy axborot vositalarining o‘rni bo‘ldi. Mutaxassislar aholini, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlodni giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilishda jurnalistlar va blogerlarning roli beqiyos ekanligini ta’kidladilar.
Shu bois, kelgusida media vakillari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish, muammolarni yoritishda tahliliy va ta’sirchan kontentlarni ko‘paytirish zarurligi qayd etildi.
Anjuman yakunida ishtirokchilar va jurnalistlar o‘rtasida qizg‘in savol-javob sessiyasi bo‘lib o‘tdi. OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislaridan atroflicha javob oldilar.
Ushbu matbuot anjumani — giyohvandlikka qarshi kurashish shunchaki bir tashkilotning ishi emas, balki butun jamiyatning birgalikdagi harakati ekanligini yana bir bor tasdiqladi.






