
Yoshlar siyosati
Joriy yilning 1-iyul kuni Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev tizimda ishlayotgan yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda markaziy studiyadan 200 nafarga yaqin, hududiy studiyalardan 500 nafardan ziyod yoshlar ishtirok etdi.
Kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvi chog‘ida shunday fikrlarni bildirdi: “Yuksak bilimli, dunyoqarashi keng, zamonaviy fikrlaydigan, texnologik savodxon yoshlari ko‘p bo‘lgan yurtda tinchlik va taraqqiyot, o‘zaro jipslik hamisha barqaror bo‘ladi.”
Bugungi kunda vazirlik tizimida mehnat qilayotgan 33 mingdan ortiq xodimlarning 4 ming 605 nafarini yoshlar, shundan 580 nafarini yosh xotin-qizlarni tashkil etadi.
Yoshlarning 2 871 nafari oliy ma’lumotli, 1 734 nafari o‘rta-maxsus ma’lumotli.
Shundan 248 nafari rahbarlik lavozimlarida faoliyat olib bormoqda. Bu ko‘rsatgich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17 foizga ortgan.
– Biz yoshlarga ishonamiz, qo‘llab-quvvatlaymiz va ularga suyanamiz, – dedi uchrashuvda vazir. – Buning isboti sifatida, har yili 500 nafarga yaqin yoshlarni ishga olishimiz hisobiga so‘nggi yillarda tarkibimiz ancha yosharib, rahbar lavozimdagilar orasida ham yoshlarning salmog‘i ortib bormoqda.
Mamlakatimizda yoshlarga sifatli ta’lim va tarbiya berish, zamonaviy kasb va hunarlar, xorijiy tillarni o‘rgatish, hayotda munosib o‘rin topishi uchun zarur sharoitlar yaratish eng asosiy vazifaga aylangan.
Shu ma’noda, vazirlik tizimida 25 ming nafar ishsiz yoshlarning suv xo‘jaligi ob’ektlarida chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, dehqonchilik va boshqa yo‘nalishlarda bandligini ta’minlash maqsad qilib olingan. Bugungi kunda 15 125 nafar yoshlar ish bilan ta’minlandi. Bu boradagi chora-tadbirlar davom ettirilmoqda.
“Ta’lim – kelajak sarmoyasi” degan ezgu g‘oya jamiyatimizda katta harakatga aylanmoqda. Vazir suvchi yoshlarni bilim olib, tadqiqot ishlarini qilib, ilmning yuqori cho‘qqilarini egallashga da’vat etdi. Buning uchun hamma sharoitlarni yaratib berishga tayyorligini bildirdi.
Suv xo‘jaligida sun’iy intellektdan foydalanib, yangi loyihalarni amalga oshirish tashabbusi ilgari surildi.
Uchrashuvda vazirlikning yoshlar yetakchisi Asilbek Tursunaliyev, bir guruh faol yoshlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri, viloyatlar irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshliqlari so‘zga chiqdi.
Yoshlar o‘z chiqishlarida yaratilgan sharoitlar uchun Prezidentimizga, vazirlik rahbariyatiga minnatdorlik bildirib, bilim olish, yangi loyihalarni amalga oshirish, tadqiqotlar ustida ishlashga va’dalar berishdi. Ularni barchasining ertangi kunga ishonchi mustahkam, maqsadlari ulug‘.
Uchrashuv yakunida Prezidentimizning ushbu fikrlari keltirib o‘tildi: “Ishonchim komil, biz ko‘p millatli butun xalqimiz bilan, siz, aziz farzandlarim bilan ulug‘ maqsadlarimizga, albatta, yetamiz! Yangi O‘zbekistonni barchamiz birgalikda, albatta, barpo etamiz!”.
Axborot xizmati


