
Xalqaro hamkorlik
Mazkur hamkorliklar suv resurslarini samarali boshqarish, gidrotexnik inshootlarni modernizatsiya qilish, sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda suv xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Jumladan, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP), Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC) kabi xalqaro moliyaviy va donor tashkilotlar bilan qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalar doirasida nasos stansiyalari va gidrotexnik inshootlarni rekonstruksiya qilish, energiya tejovchi uskunalarni joriy etish, suv hisobini raqamlashtirish, meliorativ holatni yaxshilash hamda suv tejovchi texnologiyalarni kengaytirish ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Agentlik Xalqaro irrigatsiya va drenaj komissiyasi (ICID), Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi (IFAS), Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi (ICWC), Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi (CAREC), Jahon suv kengashi (World Water Council), UNESCO hamda Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti — International Water Management Institute bilan ham samarali hamkorlik qilib kelmoqda.
Ayniqsa, IWMI bilan hamkorlik suv resurslarini integratsiyalashgan boshqarish, iqlim o‘zgarishining suv sohasiga ta’sirini kamaytirish, raqamli monitoring tizimlarini rivojlantirish, suv yo‘qotishlarini qisqartirish va ilg‘or ilmiy yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bundan tashqari, xalqaro hamkorlik doirasida soha mutaxassislarining malakasini oshirish, xorijiy tajribani o‘rganish, qo‘shma seminar, forum va o‘quv dasturlarini tashkil etish ishlari ham muntazam amalga oshirilmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari bilan transchegaraviy suv resurslaridan oqilona va adolatli foydalanish, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha muloqotlar izchil davom ettirilmoqda.
Agentlik tomonidan xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish orqali sohaga investitsiyalar jalb qilish, zamonaviy texnologiyalar va innovatsion yechimlarni tatbiq etish hamda suv xo‘jaligi infratuzilmasini modernizatsiya qilish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.


