
Elektron hukumat
SUV XO‘JALIGI SOHASIDA SUN’IY INTELLEKTNI JORIY ETISH – MUHIM VAZIFA
So‘nggi yillarda sun’iy intellekt texnologiyalari suv xo‘jaligi tizimida ham muhim vositaga aylanib bormoqda. Sun’iy intellekt – bu kompyuter tizimlari va dasturlariga inson aqliga xos bo‘lgan fikrlash, tahlil qilish va qaror qabul qilish qobiliyatini berish texnologiyasidir. Sun’iy intellekt algoritmlari katta ma’lumotlar bazasini tahlil qilish, prognozlar tayyorlash va maqbul qarorlar qabul qilish imkonini beradi.
Suv xo‘jaligi sohasida Sun’iy intellekt asosan quyidagi yo‘nalishlarda qo‘llaniladi:
- Suv resurslarini baholash va monitoring qilish;
- Sug‘orish tizimlarini avtomatlashtirish;
- Suv sarfini prognoz qilish;
- Oqimlar va irrigatsiya kanallarini intellektual boshqarish;
- Suv oqimini modellashtirish va suv tanqisligini oldindan aniqlash.
Dunyo tajribasi: Isroil, Niderlandiya va AQSh misolida Isroil sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha jahondagi yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. Isroil Fan vazirligi huzuridagi Milliy ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalar kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, katta ma’lumotlar, mashinalarni o‘rganish, intellektual tizimlar va dasturlar va boshqalar kabi sohalarni o‘z ichiga olgan ushbu faoliyat sohasiga 900 ga yaqin kompaniya jalb qilingan.
Mamlakatda zamonaviy sug‘orish tizimlari (drip irrigation) va sun’iy intellekt texnologiyalari orqali sug‘orishda suv tejash darajasi 60 foizgacha yetkazilgan.
Niderlandiyada ham sun’iy intellekt jadal rivojlanib bormoqda. Mamlakatda SI tadqiqotlari va innovatsiyalarini ilgari surish va texnologiyadan mas’uliyat bilan foydalanishni ta’minlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, suv to‘fonlari xavfini avtomatik prognoz qilish tizimlari Sun’iy intellekt orqali boshqariladi. Suvni boshqarish tizimlarining samaradorligi 40 foizga oshirilgan.
AQSh hukumati 2026 yil boshigacha amaldagi federal qoidalarning deyarli yarmini qisqartirish uchun sun’iy intellektdan foydalanishni rejalashtirmoqda. Sun’iy intellekt suv resurslaridan samarali foydalanishda tobora muhim o‘rin tutmoqda.
Jumladan, Kaliforniyada fermerlar suvdan foydalanishni sun’iy intellekt yordamida real-time rejimida monitoring qilib, har gektar yer uchun suv sarfini o‘rtacha 20-25% kamaytirishga erishmoqda.
Sun’iy intellekt joriy etishning iqtisodiy samarasi Hisob-kitoblar shuni ko‘rsatmoqdaki, sun’iy intellekt orqali:
- yiliga taxminan 500–700 million kub metr suv tejash;
- har gektar yer uchun sug‘orish xarajatlarini 20-25 foizga kamaytirish;
- qishloq xo‘jalik ekinlari hosildorligini 15-25 foizgacha oshirish;
- sug‘orish infratuzilmasidagi nosozliklarni aniqlash va ta’mirlash xarajatlarini 30–40 foizgacha qisqartirishga erishish mumkin.
Kutilayotgan natijalar va istiqbollar Sun’iy intellekt texnologiyalarini yaqin istiqbolda mamlakatimiz suv xo‘jaligi tizimiga keng joriy etish orqali quyidagi natijalarga erishish kutilmoqda:
- suv sarfini 20–30 foizgacha kamaytirish;
- suvni tejash hisobiga hosildorlikni oshirish;
- irrigatsiya tarmoqlarida yo‘qotishlarni aniqlash va bartaraf etish;
- to‘g‘ri va tezkor qaror qabul qilish imkoniyatlarini oshirish;
- qishloq xo‘jaligida xarajatlarni qisqartirish va samaradorlikni oshirish.
Bundan tashqari, sun’iy intellekt asosidagi tizimlar orqali qishloq xo‘jaligida ekologik barqarorlikni ta’minlash, suv tanqisligini kamaytirish va aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashda katta yutuqlarga erishish mumkin.
Kelgusida O‘zbekistonda suv xo‘jaligini to‘liq raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalari asosida integratsiya qilingan boshqaruv tizimini yaratish rejalashtirilmoqda. Bu esa suv resurslaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligida barqaror rivojlanishni ta’minlash va ekologik xavfsizlikni oshirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, sun’iy intellekt texnologiyalari O‘zbekiston suv xo‘jaligida tub islohotlarni amalga oshirish va sohaning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi. Bu esa nafaqat iqtisodiy samaradorlik, balki ekologik barqarorlik va kelajak avlodlar uchun suv resurslarini asrab-avaylashga xizmat qiladi.


