Agentlik haqida
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligining (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va javobgarligi, faoliyatini tashkil etish, rahbarlarining funksional vazifalarini belgilaydi.
Agentlik tasdiqlangan suv olish limitlari asosida suv yetkazib berilishini hamda suvdan samarali foydalanish, nasos stansiyalari ish rejimini tartibga solish, “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish, melioratsiya tarmoqlaridan foydalanish hamda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash sohasida respublika ijro etuvchi hokimiyati organi hisoblanadi hamda va o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligiga (keyingi o‘rinlarda — Vazirlik) hisobot beradi.
Agentlik o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga va boshqa qonunchilik hujjatlariga, shu jumladan, Vazirlik buyruqlari va uning hay’ati qarorlariga amal qiladi.
Agentlik o‘z faoliyatini respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
Agentlik va uning tizimidagi tashkilotlar davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhr va blankalarga, mustaqil balansga, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida shaxsiy hisobvaraqlariga, shu jumladan, chet el valyutasidagi Yagona g‘azna hisobvarag‘iga ega bo‘ladi.
Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
tasdiqlangan suv olish limitlari, grafiklari va taqsimoti asosida suv yetkazib berilishini hamda suv resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash;
nasos stansiyalari ish rejimini tartibga solish hamda elektr energiyasi iste’molini kamaytirish choralarini ko‘rish;
“Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari xizmat ko‘rsatadigan hududda suv resurslarini boshqarish va hisobga olishda uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatish;
suv omborlari, sel-suv omborlari va boshqa suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini hamda ishonchli ishlashini ta’minlash;
irrigatsiya tizimi kanallari va kollektor-drenaj tarmoqlari hamda ulardagi inshootlarni joriy ta’mirlash-tiklash, shuningdek, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holati barqarorligini ta’minlash ishlarini tashkil qilish.
Agentlik o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
tasdiqlangan suv olish limitlari, grafiklari va taqsimoti asosida suv yetkazib berilishini hamda suv resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash sohasida:
suv xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyasi va uni amalga oshirish strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlaydi;
quyi bo‘g‘inda suvdan foydalanish va suv iste’molida suv resurslarining hisobi va hisobotini hamda monitoringini yuritadi;
limit asosida suvdan foydalanuvchilar va suv iste’molchilari, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarining suv resurslaridan foydalanishini tahlil qiladi;
suvdan foydalanuvchilar va suv iste’molchilari o‘rtasida o‘zaro iqtisodiy munosabatlarni takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha hududiy manzilli ro‘yxatlarni shakllantirishda ishtirok etadi hamda tasdiqlangan manzilli ro‘yxatlarni umumlashtiradi;
suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha hududiy dasturlar ijrosini tashkil qiladi va monitoring yuritadi;
suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilishni yanada kengaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi hamda Vazirga taqdim qiladi;
suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilingan maydonlarning hisobini yuritadi;
suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari joriy qilinishi monitoringini yuritish, ularni joriy qilishni kengaytirish va davlat tomonidan rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarining butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchi tashkilotlar faoliyatini o‘rganib boradi hamda ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarni joriy qiluvchi pudrat tashkilotlarining faoliyatini baholab boradi hamda reyting tizimini yuritadi;
nasos stansiyalari ish rejimini tartibga solish hamda elektr energiyasi iste’molini kamaytirish choralarini ko‘rish sohasida:
nasos stansiyalarini boshqarish, tasdiqlangan limitlar asosida nasos stansiyalarida suvning hisobi va elektr energiyasi iste’molining monitoringini yuritadi;
suvdan foydalanish va elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha ma’lumotlarni tizimli tahlil qilib boradi hamda ushbu resurslardan ajratilgan limitlar doirasida foydalanishni nazorat qilish va ulardan samarali foydalanish choralarini ko‘radi;
nasos stansiyalarini elektr energiyasini tejaydigan va samarali ishlaydigan zamonaviy nasoslar, elektr dvigatellari va boshqa uskunalar bilan jihozlashni ta’minlash, nasos stansiyalari ish rejimini tartibga solish hamda elektr energiyasi iste’molini kamaytirish choralarini ko‘radi;
tizimdagi tashkilotlar uchun ajratilgan elektr energiyasi limitlariga o‘zgartirish kiritish yuzasidan Vazirlik va tegishli idoralarga takliflar kiritadi;
“Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari xizmat ko‘rsatadigan hududda suv resurslarini boshqarish va hisobga olishda uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatish sohasida:
“Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
belgilangan suv olish limitlari asosida iste’molchilarga suv yetkazib berilishini tashkil etadi;
suvning hisobi va hisoboti yuritilishini nazorat qiladi;
sug‘orish tarmoqlari va ulardagi gidrotexnika inshootlarini soz holatda saqlash, ta’mirlash-tiklash tadbirlarining amalga oshirilishini tashkil etadi;
suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlash, suv resurslari monitoringi, hisobi va hisoboti yuritilishi raqamlashtirilishini nazorat qiladi;
olingan suv hajmi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning iste’molchilar kesimida soliq organlariga taqdim etilishini ta’minlaydi;
suv omborlari, sel-suv omborlari va boshqa suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini hamda ishonchli ishlashini ta’minlash sohasida:
tizim tashkilotlari rahbarlari va xodimlarining suv omborlari, sel-suv omborlari va boshqa suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini hamda ishonchli ishlashini ta’minlash bo‘yicha belgilangan talablar va qoidalarga qat’iy rioya etilishi yuzasidan javobgarligini oshiradi;
suv omborlari, sel-suv omborlari va xavf darajasi yuqori bo‘lgan boshqa suv xo‘jaligi obyektlarining texnik holati yuzasidan loyiha tashkilotlari va manfaatdor tashkilotlar ishtirokida tizimli monitoring yuritadi hamda natijasini tahlil qilib boradi;
suv xo‘jaligi obyektlarida avariya-zaxira materiallarining o‘z vaqtida yaratilishini va ulardan maqsadli foydalanishni tashkil qiladi;
irrigatsiya tizimi kanallari va kollektor-drenaj tarmoqlari hamda ulardagi inshootlarni joriy ta’mirlash-tiklash, shuningdek, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holati barqarorligini ta’minlash ishlarini tashkil qilish sohasida:
irrigatsiya tizimi kanallari va kollektor-drenaj tarmoqlarining texnik holati hamda ulardan maqsadli foydalanish bo‘yicha tizimli monitoring yuritadi;
irrigatsiya va kollektor-drenaj tarmoqlari hamda ulardagi inshootlarni ta’mirlash-tiklash ishlarini, shuningdek, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holati barqarorligini ta’minlash ishlarini tashkil qiladi.
Agentlik qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
Agentlik o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bevosita hamda tizim tashkilotlari orqali amalga oshiradi.
Quyidagilar Agentlik markaziy apparatining asosiy vazifalari hisoblanadi:
Agentlik tizim tashkilotlari bilan birgalikda yuklangan vazifa va funksiyalarning samarali bajarilishini ta’minlash;
suv xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyasi hamda suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirish strategiyalari ijrosini ta’minlash;
Agentlik va uning tizimidagi tashkilotlari faoliyati bilan bog‘liq prognoz ko‘rsatkichlarga erishilishini ta’minlash;
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar bilan Agentlik faoliyati sohasiga kiradigan masalalar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yordamchisining, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning o‘rinbosarlari va maslahatchisi hamda suv xo‘jaligi vazirining (keyingi o‘rinlarda — Vazir) buyruqlari, Vazirlik hay’ati qarorlari va topshiriqlarini o‘z vaqtida hamda sifatli bajarish;
Agentlik xodimlarini tizimli ravishda qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil qilish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha samarali faoliyatni ta’minlash, aholi bilan bevosita va ochiq muloqotlar o‘rnatilishini ta’minlash.
Agentlik markaziy apparati qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
Quyidagilar Agentlik markaziy apparatining asosiy funksiyalari hisoblanadi:
Agentlik va uning rahbariyati faoliyatini tashkiliy va axborot-tahlil jihatidan ta’minlash;
Agentlik va uning tizimidagi tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda respublika ijro hokimiyati va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021-yil 10-fevraldagi PF-6166-son Farmoni talablariga qat’iy rioya etish;
Agentlik faoliyati doirasida ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021-yil 31-maydagi PQ-5132-son qaroriga hamda Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi muntazam nazorat qilinishini ta’minlash;
Agentlik vakolatiga kiruvchi tezkor, tashkiliy, moliyaviy, ishlab chiqarish, xo‘jalik hamda boshqa masalalar bo‘yicha buyruqlar qabul qilish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni tashkil etish.
Agentlik markaziy apparati qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
