
Korrupsiyaga qarshi kurash
Suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi direktori Zokir Eshkurbonovich Ishpulatovning suv xo‘jaligi tizimida faoliyat olib borayotgan soha xodimlariga murojaati
Korrupsiyaga qarshi toqatsiz munosabatda bo‘ling!
Byurokratiya va korrupsiyaning turli ko‘rinishlariga qarshi kurashish mamlakatimizda davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylandi.
Buni so‘nggi yillarda sohaga oid qabul qilingan konseptual ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan ma’muriy islohotlar misolida ham yaqqol ko‘rishimiz mumkin.
Ammo shuncha qilingan sa’y-harakatlarga qaramasdan korrupsiya illatidan hali to‘la xalos bo‘lolganimiz yo‘q. Buning uchun har birimiz harakat qilishimiz kerakligini zamonning o‘zi taqozo qilib turibdi.
Korrupsiya va yashirin iqtisodiyotning eng katta dushmanlaridan biri bu – ochiqlik hisoblanadi. Suv xo‘jaligi sohasida ham bu borada sezilarli qadamlar tashlanmoqda. Ochiqlik va oshkoralik tamoyillarining ta’sirchan shakllarini joriy etish, sohada jamoatchilik nazoratini o‘rnatish bo‘yicha boshlagan ishlar ortga qaytmas tus olgan.
O‘tgan yillarda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan muhim preventiv mexanizmlar yaratilganligi, davlat boshqaruvida byurokratiyani kamaytirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini yaxshilash, raqamlashtirish orqali inson omilini kamaytirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosatining muhim elementlari bo‘lib xizmat qildi.
Xususan, o‘tgan yilda amalga oshirilgan ma’muriy islohotlar orqali suv xo‘jaligi tizimining eng muhim bo‘g‘ini – “Suv yetkazib berish xizmati” DM tashkil etilib, takrorlanuvchi funksiyalar tugatildi. Eng asosiysi, byurokratiya qisqartirilib, suv iste’molchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash mexanizmi joriy qilindi.
Korrupsiyaning oldini olish hamda fermer xo‘jaliklari va iste’molchilarga suv yetkazib berishda shaffoflikni ta’minlash maqsadida “Suv hisobi” platformasi tashkil etilib, platforma orqali suv limitlaridan doimiy xabardor bo‘lib turish, shartnomalar va dalolatnomalarni rasmiylashtirish hamda soliq idoralariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuborish imkoniyati yaratildi. Eng muhimi, bunda hech qanday byurokratik to‘siqlar yoki korrupsion holatlar bo‘lmaydi.
Shu bilan birga, amalga oshirilayotgan islohotlarga qaramasdan, tan olib aytish kerak, korrupsiyani to‘liq bartaraf etish uchun hali juda ko‘plab choralarni ko‘rishimiz kerak. Shu maqsadda biz korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mavjud tendensiyalarni tahlil qilgan holda, sohada saqlanib qolayotgan muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab olishimiz zarur. Bu borada esa tizimda faoliyat yuritayotgan har bitta xodimga suyanamiz.
Albatta, bu yakuniy yoki o‘zgarmas yo‘nalishlar emas. Ularni kundan kunga takomillashtirib, yangilab borishimiz lozim. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganlaridek: “Bizning jamiyatda bu illatga mutlaqo o‘rin bo‘lmasligi uchun qattiq kurashamiz. Mana shunday prinsipial qarash jamiyatimiz hayotida mustahkam qaror topishi uchun barchamiz birgalikda qat’iy harakat qilishimiz zarur.”
Aziz hamkasblar!
Korrupsiyaga qarshi birgalikda kurashaylik! Kelajak avlod uchun turli zararli illatlardan holi, ochiq va shaffof yangi O‘zbekistonni birgalikda bunyod etaylik.


