Hukumatlararo komissiyaning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2025-12-04 09:45:00 / Yangiliklar

Yig‘ilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev va Rossiya Federatsiyasi Hukumat Raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov hamraisligida o‘tkazildi. Unda ISSV vaziri o‘rinbosari Xurram Teshabayev hamda ikki davlatning tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari ishtirok etdi.
Muzokaralarda o‘zaro savdo hajmining o‘sishi qayd etilib, asosiy yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirishga tayyorlik bildirildi. Qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va sog‘liqni saqlash sohalari, farmatsevtika ishlab chiqarishini mahalliylashtirish, dori-darmonlar yetkazib berishni kengaytirish hamda malakali kadrlar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Savdo va xizmatlar sohasini rivojlantirish, turizm loyihalari, gumanitar, ilmiy va ta’lim almashinuvi, shuningdek, O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasini amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida Bayonnoma, 2025–2030 yillarga mo‘ljallangan hududlararo hamkorlik “Yo‘l xaritasi”, 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan Boshqirdiston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik rejasi, shuningdek, Rossiya Kichik va o‘rta biznes korporatsiyasi hamda O‘zbekiston Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi o‘rtasidagi memorandum imzolandi.


