
Energetika

Mirzamaxmudov Jurabek Tursunpulatovich
Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri
So‘nggi yillarda energetika tizimiga 35 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilindi va 9 ming megavatt yangi quvvatlar ishga tushirildi.
Natijada elektr ishlab chiqarish hajmi 2017-yildagi 60 milliard kilovatt-soatdan joriy yilda 85 milliard kilovatt-soatga yetdi. E’tiborli jihati, salkam 5 ming megavattli quyosh va shamol, 400 megavattli gidroelektr stansiyalar ishga tushirildi.
2025-yilning yanvar-noyabr oylari davomida yoqilg‘i energetika tarmog‘ida jami 8,8 mlrd. dollar xorijiy investitsiyalar, shundan elektr energetikasi bo‘yicha 6,3 mlrd. dollar, yashil energiya loyihalari bo‘yicha 4,7 mlrd. dollar, neft-gaz sohasi bo‘yicha 2,5 mlrd. dollar o‘zlashtirilgan.
Shu bilan birga, 2025-yilda umumiy qiymati 40,5 mlrd. dollarlik 58 ta yirik loyiha ishga tushirilishi belgilangan. Ulardan jami quvvati 1 413 MVt bo‘lgan 5 ta quyosh elektr stansiyasi, quvvati 752 MVt bo‘lgan 4 ta shamol elektr stansiyasi, quvvati 168 MVt bo‘lgan 6 ta gidroelektr stansiyasi, quvvati 1167,3 MVt bo‘lgan 3 ta issiqlik elektr stansiyasi, quvvati 1245 MVt bo‘lgan 10 ta energiya saqlash qurilmasi ishga tushirildi.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida hududlarda jami 787 km magistral, 29,5 ming km taqsimlovchi tarmoqlar, 9 ta magistral podstansiyadagi transformator, 10 270 ta transformator punkti mukammal ta’mirlandi. Shu jumladan, Toshkent shahri bo‘yicha jami 863,1 km. taqsimlovchi tarmoqlar, 1 ta magistral podstansiyadagi transformator, 670 ta transformator punkti mukammal ta’mirlandi. Bundan tashqari, 7,5 ming km. elektr tarmoqlari, 1 748 ta transformator punkti rekonstruksiya va modernizatsiya qilindi.
Respublika bo‘yicha 279 ta avariyaviy brigadalar tashkil etilib, ular uchun 224 ta avtotransport, 279 ta maxsus texnika biriktirilgan. Shuningdek, 3 591,4 km. quvurlarning ichki sirti tozalandi, 91 ta kompressor stansiyasidagi gaz haydash agregatlari ta’mirlandi.
Bundan tashqari, iste’molchilarning gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida 553,1 km. tarmoqlar, 971 ta gaz taqsimlash punkti mukammal ta’mirlandi, 50 195 ta gaz taqsimlash punktlari texnik taftishdan o‘tkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 2 dekabrdagi “2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-436-son Qarori bilan 2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtish va “yashil” oʻsishni taʼminlash Dasturi tasdiqlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 07 fevraldagi PQ-4165-son Qarori bilan 2019 — 2029-yillarda Oʻzbekiston Respublikada atom energetikasini rivojlantirish Konsepsiyasi tasdiqlangan.
Energiya samaradorlik sohasidagi islohotlarni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida 2030 yilga qadar iqtisodiyotda energiya sarfini kamida 20 foizga, davlat idoralari va ijtimoiy ob'ektlarda esa energiya iste'molini 15 foizga qisqartirish vazifasi belgilangan.
Elektr energiyasining ulgurji bozorini shakllantirish bo‘yicha qator ishlar bajarilib, yiliga 10 million kilovatt-soatdan ko‘p elektr iste'mol qilayotgan ulgurji iste'molchilar ro‘yxati tuzilib, ushbu korxonalar uchun elektr energiyasini ulgurji bozorda “soatbay” shakllangan narxlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida xarid qilish tizimini joriy etish mo‘ljallangan.

