Energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
2026-11-03 09:20:00 / Yangiliklar

Tadbirda dunyoning 170 dan ortiq mamlakatidan 239 ming nafardan ziyod ishtirokchi qatnashmoqda. Ko‘rgazmada 2 260 ta kompaniya, jumladan, 54 ta milliy va xalqaro energetika kompaniyasi hamda 30 ta milliy pavilon o‘z faoliyati va ishlanmalarini namoyish etmoqda.
Konferensiya doirasida energetika sohasining bugungi kundagi dolzarb muammolari, jumladan, energiya xavfsizligini ta’minlash, investitsiyalarni jalb etish hamda ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish masalalari yuzasidan fikr almashilmoqda.
Mazkur xalqaro tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Sherzod Xodjayev ham ishtirok etmoqda. Tashrif doirasida vazir BAA energetika va infratuzilma vaziri Suhayl al-Mazruiy, “Masdar” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Muhammad Jamil Al Ramahiy, “AMEA Power” boshqaruvi raisi Husayn Al Novays, “ePointZero” bosh ijrochi direktori Muhammad Hisham hamda “Etihad Water and Electricity” bosh ijrochi direktori Yusuf Al-Ali bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Uchrashuvlarda energetika sohasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va istiqbolli yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Sherzod Xodjayev ADIPEC–2026 doirasida tashkil etilgan vazirlar davra suhbatida ishtirok etdi.


