
Sog‘liqni saqlash

Xudayarov Asilbek Anvarovich
O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vaziri
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda har bir fuqaro uchun yuqori sifatli va malakali tibbiy xizmat tizimini yaratish ustuvor vazifa sifatida belgilanib, bu yo‘nalishda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-dekabrdagi “ O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5590-son farmoni bilan 2019 — 2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasining sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-apreldagi “2022 — 2026-yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish to‘g‘risida”gi PQ-216-son qarori bilan 2022 — 2026-yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish bo‘yicha CHORA-TADBIRLAR REJASI tasdiqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-yanvardagi “Sog‘liqni saqlash sohasida islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-38-son qarori bilan Sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha “YO‘L XARITASI” tasdiqlangan.
So‘nggi yillarda tibbiyot sohasining o‘ziga 230 trillion so‘m yo‘naltirildi. Buning hisobiga joylarda 187 ta yangi poliklinika va shifoxona ishga tushdi, 1 ming 244 tasi rekonstruksiya qilinib, jihozlandi.
Natijada birlamchi tibbiyot muassasalari quvvati 60 foizga oshib, tibbiy xizmat aholiga ancha yaqinlashdi. Ilgari asosan poytaxtda bajarilgan yuqori texnologik va diagnostika-davolash usullarining 400 dan ortig‘i hududlarda amalga oshirilmoqda. Yuzlab murakkab amaliyotlar viloyat markazlariga, kam invaziv operatsiyalar tuman darajasiga tushirildi.
So‘nggi yillarda yurtimiz tibbiyotida ilg‘or texnologiyalar joriy etilib, ta’lim jarayonlariga ham keng tatbiq qilinmoqda. Xususan, uchta oliy ta’lim muassasasi negizida Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etildi. Urganch davlat tibbiyot instituti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Sakkizta tibbiyot oliy ta’lim muassasasi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi. Bu sohada zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlash imkoniyatlari yanada kengaydi.
Mamlakat bo‘ylab davlat tibbiyot muassasalari zamonaviy axborot-kommunikatsiya jihozlari bilan ta’minlandi, yagona raqamli infratuzilma shakllantirildi. 2024–2025-yillarda 3 mingdan ortiq tibbiyot muassasasi lokal tarmoq bilan ta’minlandi. Minglab yangi kompyuterlar xarid qilinib, texnik baza yangilandi.
Tez tibbiy yordam xizmatida elektron boshqaruv yo‘lga qo‘yilib, chaqiriqlarga yetib borish vaqti 25-30 daqiqadan 10-15 daqiqagacha qisqartirildi.
Shuningdek, “Elektron retsept” tizimi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida ortiqcha dori yozish holatlari 40 foizga kamaydi, dori vositalari aylanmasi shaffoflashdi. Barcha tibbiy ma’lumotlar biometrik himoya ostida saqlanib, shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi ta’minlanmoqda.

