Namangan shahrida IT-park Namangan filiali ochilishi
2024-04-03 10:56:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Namangan viloyati hokimi, Oliy majlis senati aʼzosi Shavkat Shokirdjanovich Abdurazakovning
Namangan shahrida IT-park Namangan filiali ochilishi munosabati bilan oʻtkaziladigan tadbirdagi
T A B R I K S Oʻ Z I
Assalomu alaykum, hurmatli tadbir mehmonlari va tashkilotchilari, soha mutaxassislari va yoshlar!
Barchamizga maʼlumki, bugun hurmatli Prezidentimiz tashabbuslari bilan Yangi Oʻzbekistonni barpo etishdek ezgu maqsadlar yoʻlida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda, katta-katta loyihalar, dasturlar hayotga tatbiq etilmoqda.
Shuningdek, bugungi kunda global taraqqiyotda muhim oʻrin tutayotgan IT-sohasini rivojlantirish, sohaga yoshlarni keng jalb qilish, yuqori malakali milliy mutaxassislar tayyorlash yoʻlida imkoniyatlar kengaytirilmoqda.
Jumladan, viloyatimizda ham raqamli texnologiyalar sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bois IT-Park rezidentlari soni 2023-yil boshida 18 tani tashkil etgan boʻlsa, hozirda bu koʻrsatkich 42 tani tashkil etmoqda. Ulardan 11 tasi eksportyor korxonalar boʻlib, 18 tasi raqamli taʼlim yoʻnalishida va 9 tasi mahalliy bozorga IT-xizmati koʻrsatish yoʻnalishida faoliyat olib bormoqda.
Ushbu rezidentlar tomonidan 2023-yilda 47,9 mlrd. soʻmlik xizmatlar koʻrsatildi, xizmatlar hajmi oʻtgan yilga nisbatan 5,7 barobarga oshdi.
Shuningdek, 2023-yilda 2,41 mln. dollarlik xizmatlar eksport qilindi Bu soha 2022-yilga nisbatan 4,6 barobarga ortgan.
IT-park rezidentlari tomonidan ish bilan taʼminlanganlar soni 2022-yilda 200 nafar tashkil etgan boʻlsa, 2023-yil yakuni bilan 216 nafarga yetgan (oʻsish 1,1 barobar).
Hududda koʻrsatilayotgan axborot kommunikatsiya texnologiyalari xizmatlari hajmi 2023-yilning yakuni bilan 907,6 mlrd. soʻmni tashkil etib, soʻnggi 5 yilda 2 barobar oʻsishga erishildi.
Shu bilan bir qatorda, 2023 yilda oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar soni 3 100 nafarni tashkil etdi.
Viloyatda raqamli texnologiyalar sohasini jadal rivojlantirish, raqamli taʼlimni ishlab chiqarish bilan uzviy bogʻlash, IT-sohasida mutaxassislar tayyorlashni yanada takomillashtirish, dasturiy mahsulot ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida IT-parkning Namangan filiali tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus, jumladan uchinchi tashabbus doirasida bugungi kunga qadar IT-parkning taʼlim yoʻnalishidagi rezidentlari tomonidan jami 12 ming nafardan ortiq aholi, yoshlar va davlat xizmatchilari raqamli texnologiyalar sohasida oʻqitilib, malakasi oshirildi.
Shuningdek, yoshlarni axborot texnologiyalari sohasida startap loyihalarni amalga oshirishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida, viloyatdagi oliy taʼlim muassasalarida 2 ta Inkubatsiya markazlari tashkil etilib, faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
“Bir million dasturchi” loyihasining mantiqiy davomi boʻlgan “Coursera” onlayn platformada oʻquv kurslarida 2023 yilda 65 ming nafardan ortiq yoshlar taʼlim olib, sertifikatlarni qoʻlga kiritishdi.
Qadrli tantanali tadbir ishtirokchilari!
Bugun Namanganda IT-tizimi yangi bosqichga oʻtmoqda, desak ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.
Shundan kelib chiqib, yil yakuniga qadar amalga oshiriladigan asosiy vazifalarga toʻxtalib oʻtsam.
Viloyatdagi 51 ming nafardan ortiq yoshlar xalqaro taʼlim platformalar va IT-markazlarga jalb qilingan holda raqamli texnologiyalar sohasida oʻqitiladi.
IT-park rezidentlari soni 50 taga yetkaziladi.
100 nafar yosh dasturchilar xalqaro IT-bozoriga chiqariladi.
Viloyatda 200 nafar davlat xizmatchilari va yoshlar xalqaro IT-sertifikatlarga oʻqitiladi.
2024-yil yakuniga qadar xizmatlar hajmini 170 mlrd.soʻmga, eksport hajmi esa 20 mln. AQSH dollariga yetkaziladi.
5950 nafar yoshlar ingliz, nemis va boshqa xorijiy tillarga oʻqitilib, IT-kompaniyalarga yoʻnaltiriladi.
Bugun ochilayotgan IT-park Namangan filiali mazkur yoʻnalishda koʻzda tutilgan ezgu maqsadlar yoʻlida xizmat qilishiga ishonchimiz komil!
Buning uchun Namanganda soha mutaxassislari bir yerga jamlandi. Sizlarning tilingiz bilan aytganda, kommunuti yaratildi.
Namanganlik barcha AyTichilarga ushbu maskan muborak boʻlsin!
Eʼtiboringiz uchun rahmat!









