“Navroʻz” umumxalq bayrami
2024-03-19 11:48:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar!
Muhtaram mehmonlar !
Sizlar bilan 2024-yil Navroʻzini birgalikda kutib olmoqdamiz. Eng avvalo, barchangizni chin qalbimdan tabriklab, oʻzimning yuksak hurmat-ehtiromimni bildirishdan baxtiyorman.
Prezidentimiz tashabbusi bilan “Olam nurga toʻlsin sen bilan, Navroʻz!” degan bosh gʻoya asosida nishonlanayotgan bu unutilmas damlar tarixning zarhal sahifalariga muhrlansa ajabmas. Zero, sharqona yangi yil hisoblangan Navroʻz arafasida oldimizga ulkan maqsadlarni qoʻyamiz. Yangi marralarni koʻzlaymiz.
Qadrli hamyurtlar!
Hurmatli Yurtboshimiz takliflari bilan keyingi yillarda Navroʻz bayrami yanada jozibadorlik kasb etib bormoqda. Ayniqsa, uni xalq sayli sifatida nishonlash anʼanaga aylandi.
Bugun ona Namanganimizning har bir koʻchasi, har bir mahallasida bunga yaqqol guvoh boʻlishingiz mumkin. Hamyurtlarimiz Navroʻz shodiyonalarini oʻzgacha hursandchilik bilan nishonlamoqdalar.
Doshqozonlarda sumalaklar pishirib, dasturxonlarga bahor neʼmatlarini tortib, sayil-tomoshalar qilmoqdalar. Shu yorugʻ kunlarga yetkazgani uchun shukronalar aytmoqdalar.
Aziz yurtdoshlar!
Bu yilgi Navroʻz bayramiga muborak Ramazon oyining toʻgʻri kelishi uning sharofatini ikki hissa oshirdi, desak ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.
Oʻzaro mehr-oqibat, saxovat va muruvvat koʻrsatish, tabarruk keksalarimizni yoʻqlash, nogironlar, yordamga muhtoj insonlar holidan xabar olish, hasharlar oʻtkazib, yurtimizni yanada obod qilish kabi savobli ishlar bilan Navroʻzimiz yanada fayzli oʻtyapti.
Ayniqsa, viloyatdagi barcha davlat va jamoat idoralari, daxldor tashkilotlar, qolaversa, sahovatpesha insonlar tomonidan oʻzgalar eʼtiboriga muhtoj hamyurtlarimiz yoʻqlanmoqda, hol-ahvol soʻralib, ham moddiy, ham maʼnaviy koʻmak koʻrsatilmoqda.
Bu ezgu ishlarimizni izchil davom ettiramiz. Zero, inson qadri har narsadan ulugʻ ekanligi amalda isbotlanayotgan yurtimizda islohotlar islohot uchun emas, inson manfaatlari uchun olib borilayotgani oʻz isbotini topmoqda.
Qadrli yurtdoshlar!
Taʼkidlab oʻtganimdek, “Yoshlar va biznesni qoʻllab quvvatlash yili”dagi maqsadlarimiz hajmi katta. Shu oʻrinda eʼtiboringizni ayrim fakt va raqamlarga qaratmoqchiman.
Masalan, birgina yoʻl infratuzilmasini olib koʻraylik. Oʻtgan yilning oʻzida 837,4 mlrd.soʻm mablagʻ hisobidan viloyatimizda:
- 116,1 km. umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari,
- 1 015 km. ichki yoʻllar taʼmirlandi va yangidan qurildi, - 16 ta koʻprikni taʼmirlash va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirildi.
Misol uchun, Davlatobod tumani “Xalqlar doʻstligi” mahallasi hududidan oʻtuvchi “Gʻalaba” koʻchasining 2,2 km. qismi 16 mlrd. soʻm mablagʻ evaziga toʻliq rekonstruksiya qilindi.
Joriy yilda ham ushbu yoʻnalishda katta rejalar tuzilgan. Xususan,
- Uychi tumani orqali Uchqoʻrgʻon va Norin tumanlarini markaz bilan bogʻlovchi yangi yoʻl qurish hamda Norin daryosi ustida yangi koʻprik qurish ishlariga 184,9 mlrd.soʻm ajratilgan boʻlib, bu boʻyicha keng koʻlamli bunyodkorliklar boshlandi;
- Andijon va Namangan viloyatlarini Toshkent shahri bilan bogʻlovchi davlat ahamiyatiga ega “Pungon-Namangan” avtomobil yoʻli (0-75 km.) qayta qurish, 4 tasmali sement-beton qoplamali shaklda rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshiriladi.
Bu kabi misollarni bugun aholini elektr energiyasi, toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, qoʻyingchi, har bir soha kesimida juda koʻplab keltirish mumkin.
Gap qurilish mavzusida davom etar ekan, yirik loyihalardan biri - Davlatobod tumani hududida barpo etilayotgan “Yangi Namangan shaharchasi” qurilishiga alohida toʻxtalib oʻtish lozim.
Bu yerda 721 ta koʻp qavatli turar joylar va koʻplab boshqa infratuzilma inshootlari qad rostlamoqda. Shu bilan birga, shaharcha hududida “Yangi Oʻzbekiston bogʻi” barpo etish ishlari ham amalga oshirilyapti.
Rejamiz, 63-xalqaro “Gullar festivali”ning tantanali ochilish marosimini aynan shu bogʻdagi amfiteatrda oʻtkazish. Shu oʻrinda aytib oʻtish joiz, bu yilgi festival har qachongidan boshqacha boʻladi. Uni qirq kun davom ettirish, mazmundorligi va mohiyatini yanada oshirish choralarini koʻryapmiz.
Zero, bu kabi xalqaro tadbirlar turzim salohiyatini oshirishda, viloyatga xorijdan valyuta oqimini koʻpaytirishda muxim ahamiyatga ega.
Hurmatli namanganliklar!
Qadim-qadimdan bobodehqonlarimiz bahorni orziqib kutganlar. Dehqonchilik boshlanishi oldidan toʻy-tantana qilib, Yaratgandan boʻlajak hosilga baraka tilaganlar.
Biz bugun shunday shukuhli va muqaddas kunlarda turibmiz.
Dehqonchilik yili boshida ulugʻ niyatlarni qalbimizga jo qilganmiz. Bugungi har bir yorugʻ-ochiq kunlardan unumli foydalanib, moʻl va sifatli hosilga puxta zamin yaratish dehqonlarimizning qatʼiy qaroridir.
Kelinglar, aziz hamyurtlar !
Shunday quvonchli damlarda ulugʻ niyatlar qilaylik. Alloh taolodan ishlarimizga rivoj va barakot tilaylik.
Aziz yurtdoshlar !
Men barchangizni yana bir bor ulugʻ ayyom bilan samimiy qutlayman. Har biringizning umringizga, kasb-koringizga, roʻzgʻoringizga baraka tilayman.
Yil qanday niyat bilan boshlansa, to oxirigacha oʻsha niyat hamroh boʻladi, deyishadi. Shunday xursandchilik bilan boshlanayotgan yilimiz yurtimizga tinchlik, baxt-saodat, qut-baraka, obodlik va farovonlik olib kelsin.
Yurtimiz istiqboliga, aziz xalqimiz baxt-iqboliga aslo koʻz tegmasin.
Navroʻzi olam barchamizga muborak boʻlsin!









