64-xalqaro “Gullar festivali”ning tantanali yopilish marosimi
2025-07-14 06:20:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, muhtaram yurtdoshlar, aziz mehmonlar, hurmatli tadbir qatnashchilari!
Bugun biz go‘zal va maftunkor Namangan zaminida an’anaviy ravishda o‘tkaziladigan, dunyo miqyosidagi madaniy va turistik voqelikka aylangan 64-Xalqaro “Gullar festivali”ning tantanali yopilish marosimida jam bo‘ldik.
Avvalo, ushbu go‘zal an’anani xalqaro brend darajasiga olib chiqishda doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga Namangan ahli nomidan chuqur minnatdorlik bildiramiz.
Hurmatli Prezidentimizning bevosita tashabbuslari bilan mazkur festival 2018 yildan boshlab rasman xalqaro maqomga ega bo‘ldi.
Bu yilgi 64-Xalqaro “Gullar festivali”ning yana bir o‘ziga xos va tarixiy jihati shundaki, o‘tgan yili 40 kun o‘tkazilgan festival bu gal mahalliy va xorijiy sayyohlar, gulsevarlar, san’at va madaniyat ixlosmandlarining talab va rag‘batlarini inobatga olgan holda ilk bor 50 kun davom etdi.
Festival davomiyligining 10 kunga oshirilishi nafaqat Namanganning turizm salohiyatini keng namoyon etdi, balki uni butun mamlakatimiz va xorijiy davlatlar uchun gullar shahri, madaniy muloqot va do‘stlik maskani sifatida yanada mustahkamlab berdi.
Qadrli anjuman ishtirokchilari!
Bugun dunyoda ekologik muammolar global miqyos kasb etar ekan, tabiatni asrash va inson bilan muhit o‘rtasidagi uyg‘unlikni ta’minlash har bir mamlakat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanmoqda.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida ham ana shunday barqaror kelajakni ta’minlash uchun ekologik siyosatga alohida e’tibor qaratilmoqda.
So‘nggi yillarda Namanganda “Yashil makon” umumxalq loyihasi asosida millionlab daraxt va gullar ekilyapti. Bu nafaqat viloyatimiz ko‘rki, balki ekotizimning sog‘lomlashuvi, havo tozaligi va iqlim barqarorligi uchun muhim omildir.
Festival mobaynida 30 milliondan ziyod xonaki gullar savdoga chiqarildi va ularning aksariyati mahalliy gul ishlab chiqaruvchilar tomonidan yetishtirildi.
Bundan tashqari, viloyat markazi va hiyobon hamda parklariga 100 million tupga yaqin gul ko‘chatlari ekildi.
Joriy yilgi festival o‘z ko‘lami, ishtirokchilar soni va tashkil etish darajasi bilan avvalgi yillarga qaraganda yanada yuqori saviyada o‘tdi.
Festival doirasida viloyatimizga tashrif buyurgan mehmonlar soni 7 million nafardan oshdi. Ulardan 800 ming nafarga yaqini xorijiy davlatlardan, 3 million 500 ming nafardan ziyod ishtirokchi esa respublikamizning boshqa hududlaridan kelgan sayyohlar hisoblanadi.
Ular Yangi O‘zbekiston bog‘i, Bobur bog‘i, Afsonalar vodiysi tematik parki, shuningdek, Yangiqo‘rg‘on, Pop, Chust va Kosonsoy tumanlaridagi tabiati betakror hududlarga tashrif buyurib, huzurbaxsh manzaralardan bahra olishdi.
Umuman, viloyatda birinchi yarim yillikda turizm eksport hajmi 200 million dollarga yetdi.
Festival kunlari 8 trillion so‘mlik savdo va pullik xizmatlar ko‘rsatildi.
Umumiy ovqatlanish, transport, mehmonxona, hunarmandchilik va xizmat ko‘rsatish sohalarida 100 mingga yaqin yurtdoshlarimiz mavsumiy ish bilan ta’minlandi. Demak, ushbu festival nafaqat madaniy, balki iqtisodiy taraqqiyot va aholi farovonligi uchun ham muhim vositaga aylandi.
Qadrli anjuman ishtirokchilari!
64-xalqaro “Gullar festivali” o‘ziga xos shukuh va mazmunan boyligi bilan barcha qatlam va yosh vakillarini qamrab oldi.
Festival doirasidagi yorqin voqealaridan biri - O‘zbekiston notariuslarining II Milliy kongressida Xalqaro “Gullar festivali"ning logotipi tovar belgisi va xizmat ko‘rsatish belgisi sifatida Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi ushbu tadbirning rasmiy nufuzini yanada mustahkamladi.
Turli sport turlari bo‘yicha xalqaro va respublika miqyosidagi musobaqalar Namanganda o‘ziga xos sport bayrami muhitini yaratdi.
“Uzbekistan Judo Tour”, “O‘zbek Botirlari Gran Prix”, Shotokan karate-do, motokross, qo‘l jangi musobaqalari va “Namangan Chess Festival” kabi turnirlar nafaqat mahalliy, balki xalqaro sportchilar va tomoshabinlar diqqatini tortdi.
Madaniy-ma’rifiy tadbirlar ham juda baland darajada tashkil etildi.
Ochiq osmon ostidagi konsertlar: Milliy simfonik orkestr dasturi, “Afsonalar vodiysi” va “Uch favvora”dagi shoular, afsonaviy “Bolalar” guruhi, jahon estrada yulduzi Roza Zergerli ishtirokidagi konsertlar yuraklarga iliq taassurot ulashdi.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri, O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov 9 yil ichidagi xalqimiz kutgan ilk konsertini aynan ushbu festival doirasida Namanganda bergani ham barcha muxlislarini quvontirdi.
Festival doirasida o‘tgan “Moda va iste’dod – 2025” tanlovi, “O‘zbek palovi madaniyati kunlari” va avtomobillar ko‘rgazmasi kabi tadbirlar orqali Namanganning turli sohalardagi salohiyati yana bir bor namoyon bo‘ldi.
Ilmiy va ijtimoiy yo‘nalishda ham muhim anjumanlar o‘tkazildi.
O‘zbek-Qirg‘iz biznes forumi, “Uch avlod uchrashuvi”, “Perinatal yordam samaradorligini oshirish” mavzusidagi xalqaro konferensiya va nogironligi bor yurtdoshlarimiz tayyorlagan mahsulotlar ko‘rgazmasi jamiyatda barqaror rivojlanish, tenglik va ilm-ma’rifatni targ‘ib etdi.
Shuningdek, Pop tumanidagi “Lavanda sayli”, Chustdagi “Osh chempionati”, Kosonsoydagi motokross, “Afsonalar vodiysi”dagi ko‘rgazmalar festival hududini kengaytirdi.
Festival yakunlansa-da, uning go‘zal lahzalari va ko‘tarinki kayfiyati hali ancha vaqt ishtirokchilar xotirasidan o‘chmaydi.
Namangandagi bu festival gullarga, insonlarga, tinchlik va hamjihatlikka bo‘lgan muhabbat bayramiga aylandi.
Hurmatli festival ishtirokchilari, aziz mehmonlar!
Fursatdan foydalanib, 64-xalqaro “Gullar festivali”ni yuksak saviyada tashkil etishda yaqindan ko‘mak bergan qator idora va tashkilotlarga, jumladan,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga,
Vazirlar Mahkamasiga,
Tashqi ishlar va Madaniyat vazirliklariga,
shuningdek, Turizm qo‘mitasiga
samimiy minnatdorligimizni izhor etamiz.
Shu o‘rinda festival haqida keng qamrovli targ‘ibot ishlarini amalga oshirishda matbuot, televideniya, ommaviy axborot vositalari, blogerlar va ijtimoiy tarmoq faollarining o‘rni katta bo‘lganini e’tirof etamiz.
Fursatdan foydalanib,
-media sohasi vakillariga,
- gulchilarga, korxona va tashkilotlar jamoalariga,
-shahar, tumanlar hokimliklariga minnatdorchilik bildiramiz.
Sizlarning fidokorona mehnatingiz orqali Namangan va butun O‘zbekistonning go‘zal qiyofasi yanada yorqin namoyon bo‘ldi.
Hurmatli festival ishtirokchilari, aziz mehmonlar!
Bu yilgi festival ham har jihatdan yuksak darajada, xalqaro talablarga mos, yurtimiz salohiyati va so‘nggi yillarda erishilayotgan ulkan yutuqlarning yorqin ifodasi bo‘ldi. Gullar orqali tinchlik va do‘stlik targ‘ib etildi, muhabbat va o‘zaro hurmat ruhi yuksaldi.
Festival davomida Namangan nafaqat gullar maskani, balki xalqimizning bag‘rikengligi, mehmondo‘stligi va boy madaniyatining markazi sifatida yana bir bor dunyoga namoyon bo‘ldi. Mehmonlar ko‘nglida unutilmas taassurotlar qolganiga ishonaman.
Biz kelgusida ham ana shunday nufuzli anjumanlar orqali Namangan ochiq, taraqqiyotga intiluvchan va barqaror hudud ekanini butun dunyoga ko‘rsatishda davom etamiz.
Bu ezgu yo‘lda barchangizni hamjihatlik va fidokorlikka chorlayman.
Yangi O‘zbekistonimiz gullab-yashnasin! Vatanimiz tinch, xalqimiz farovon, Yurtboshimiz doimo omon bo‘lsinlar!
E’tiboringiz uchun rahmat!
