Yoz-o‘tmoqda soz!
2025-07-16 17:05:00 / Matbuot anjumanlari

Departamentning viloyat boshqarmasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat Kengashi hamda viloyat hokimligi Axborot xizmati hamkorligida bugun Kosonsoy tumanidagi “Sohil” oromgohiga Press-tur tashkil etildi. Unda viloyatdagi markaziy hamda mahalliy OAVlar vakillari, blogerlar ishtirok etdilar.
Oromgohlarda 12 kunlik dastur asosida turli xil quvnoq o‘yinlar, uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Shuningdek, hamkor tashkilotlarning sahna ko‘rinishlari, oromgohga yaqin manzillarga sayohatlari tashkil etilgan. Malakali ustozlar tomonidan dam olish maskanlarida bolalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida ingliz, rus tillari o‘quv mashg‘ulotlari hamda tashkil etilgan to‘garaklarga qamrab olindi. Bundan tashqari, har bir oromgohda kunlik tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, ko‘ngilochar, konsert dasturlari, “Zakovat”, quvnoq startlar sog‘lomlashtirish o‘yinlari, “Men sevgan ertak qahramoni” rasmlar tanlovi, “Bilimdon tadqiqotchilar”, “Ertaklar yaxshilikka yetaklar!” shiori ostida eng yaxshi ertak qahramonlarini badiiy sahnalashtirish kabi madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Press-tur ishtirokchilari ayni yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlar bilan bevosita tanishdilar. Bolalar kayfiyati, qiziqishlarini o‘rgandilar. Mavzu yuzasidan lavha va reportajlar tayyorladilar.
Maʼlumot uchun: hozirda Chust tumanidagi “Mehrjon” va “Obi hayot”, Norin tumanidagi “Norin”, Pop tumanidagi “Binafsha”, Yangiqo‘rg‘on tumanidagi “Nanay” va “Zarkent”, Uychi tumanidagi “Umid nihollari” bolalar oromgohlarida ham hamkor tashkilotlar bilan birgalikda bolalarning salomatligi, xavfsizligi yuzasidan barcha zaruriy chora-tadbirlar ko‘rilgan.
Namangan viloyati hokimligi
Axborot xizmati









