64-xalqaro «Gullar festivali” kundaligi:
2025-06-28 22:50:00 / Yangiliklar

Ozodbek Nazarbekov — o‘zbek san’atining yorqin namoyondalaridan biri, betakror ovoz egasi va madaniyat sohasidagi yetakchi rahbarlardan biri. Uning ijodiy va jamoatchilik faoliyati mamlakatimizda san’at va madaniyatni rivojlantirishda o‘z o‘rniga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov O‘zbekiston xalq artisti, sevimli xonanda sifatida so‘nggi 9 yil ichidagi ilk konsertini Namanganda, aynan «Gullar festivali” tadbirlari doirasida berdi.
Davlatobod tumanidagi «Yangi O‘zbekiston bog‘i” bu oqshom har qachongidan gavjum bo‘ldi. Bu yerdagi Amfiteatrda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov o‘zining mashhur qo‘shiqlarini jonli ijroda Namangan ahli va festival mehmonlariga taqdim etdi.
Muxlislar har bir qo‘shiqni olqishlar va minnatdorlik bilan qarshi olishdi.
"Bahor" ashula va raqs ansambli raqqosalarining jozibali chiqishlari konsertga yanada fayz bag‘ishladi. Ularga hatto xorijiy sayyohlar ham qo‘shishildi.
Dastur davomida viloyat qishloq xo‘jaligi rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, g‘alla rejasini bajargan bir guruh fermerlarga "Tashakkurnoma" va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov festival mazmunan kun sayin kengayib borayotgani, talab va istaklardan kelib chiqib, yana 2 xafta davom etishi haqida to‘xtaldi.
Shundan so‘ng konsert yana davom etdi.
Ma’lumot uchun: O.Nazarbekov nafaqat O‘zbekiston, balki, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston kabi qo‘shni davlatlarning ham madaniyat sohasidagi yuqori unvonlariga ega.
Namangan viloyati hokimligi Axborot xizmati.









