Inson aziz, xotira muqaddas:
2025-05-09 12:35:00 / Yangiliklar

9 may – Xotira va qadrlash kuni! Namangan viloyati markazidagi “Xotira xiyoboni” har qachongidanda gavjum.
Maydonga kirish qismi, “Motamsaro ona” haykali oldida faxriy qorovul joylashgan. Namangan harbiy gornizoni tarkibidagi harbiy qismlar askarlari saf tortgan. Viloyatdagi huquqni muxofaza etuvchi idoralar rahbarlari, nuroniylar, yoshlar, bir so‘z bilan aytganda keng jamoatchilik vakillari qo‘llarida gulu gulchambarlar bilan to‘plangan.
Yig‘ilganlar qalbida g‘urur-iftixor, bugungi dorilomon kunlarga shukronalik hissi jo‘sh urmoqda. Qalblarni ajib bir salobatli hayajon chulg‘aydi.
Soat millari 9:00 ni ko‘rsatganda maydonga Namangan viloyati hokimi, viloyat harbiy-ma’muriy sektori rahbari Shavkatjon Abdurazzoqov kirib keldi.
Namangan harbiy gornizoni boshlig‘i harbiycha hurmat bilan viloyat rahbarini qarshi olib, tantanali gul qo‘yish marosimiga tayyorligi haqida axborot berdi.
Davlatimiz madhiyasi ijro etilganidan so‘ng marhumlar hurmati uchun bir daqiqalik sukut saqlandi.
Shundan so‘ng viloyat hokimligi, mudofaa ishlari, huquqni muhofaza qilish idoralari boshqarmalari, davlat va jamoat tashkilotlari, ta’lim muassasalari va yoshlar jamoalari tomonidan harbiy orkestr sadolari ostida xiyobonda joylashgan “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi.
Tinchlik uchun kurashib, bashariyatni fashizm balosidan saqlab qolgan qahramon ota-bobolarimiz hamda front ortida mardona mehnat qilib, g‘alabani ta’minlashga munosib hissa qo‘shgan mard va olijanob yurtdoshlarimiz xotirasiga yuksak hurmat-ehtirom bajo keltirildi.
Ma’lumot uchun: ikkinchi jahon urushi yillarida Namangan viloyatidan frontga otlangan 67 ming 833 kishidan 3 803 nafari janggohlarda halok bo‘lgan, 15 mingdan ortig‘i frontda bedarak yo‘qolgan.
Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimlar viloyatning shahar va tumanlarida, mahalla va guzarlarida davom etmoqda.
Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati.









