Mingbuloqda zamonaviy 12 qavatli turar-joy binolari quriladi
2025-04-30 19:10:00 / Yangiliklar

Mingbuloq tumani markazidagi “Mustaqillik” MFYDA joylashgan 48-,54-sonli ikki qavatli jami 16 ta xonadondan iborat turar-joylar1960 yilda fin uslubida yotoqxona tipida qurilgan bo‘lib, yillar davomida eskirgani uchun "O‘zbekkommunalloyihaqurilish" DUK xulosasiga ko‘ra yaroqsiz, deb topildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19 iyundagi 5152-sonli qaroriga asosan, 54-sonli ko‘p qavatli uyni buzib, o‘rnida zamonaviy infratuzilma asosida 12 qavatli, 80 xonadonli yangi turar-joy binosi qurilishi boshlandi.
Uyda yashovchi 8 nafar mulkdor bilan kelishuvga erishilib, ular uchun "Ingichka" MFY hududida yangi, qulay turar-joy binolari qurib berilmoqda. Yangi bino nafaqat ko‘rkam arxitektura, balki zilzilabardoshlik va qulaylik nuqtayi nazaridan ham tumanga yangicha qiyofa bag‘ishlaydi.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov qurilish maydonida bo‘lib, aholi va tadbirkorlar bilan muloqot qildi.
Mazkur loyiha nafaqat shaharsozlik, balki aholi turmush tarzini yaxshilashda ham strategik ahamiyat kasb etadi.



