Namanganlik o‘quvchilar “Zakovat” turnirida g‘olib bo‘lib, 100 million so‘mni qo‘lga kiritdi
2025-04-20 21:45:00 / Yangiliklar

Yoshlar o‘rtasida bilim va tafakkurni rivojlantirishga xizmat qiluvchi “Zakovat” intellektual turnirining respublika bosqichi nihoyasiga yetdi. Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablar o‘quvchilari o‘rtasida tashkil etilgan mazkur musobaqada yurtimizning barcha hududlaridan saralangan 42 ta jamoa ishtirok etdi.
Qizg‘in va murosasiz bahslarga boy bo‘lgan bellashuv yakunlariga ko‘ra, Namangan shahar 1-son ixtisoslashtirilgan maktabining jamoasi faxrli 1-o‘rinni egalladi. G‘olib jamoa 100 million so‘m miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Alohida ta’kidlash joizki, ushbu jamoa 2024-yilda ham yuqori natijalarga erishib, ikkinchi o‘rinni egallagan edi. Ularning har biri o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha respublikadagi oliy ta’lim muassasalarida kontrakt asosida o‘qish imkoniyatiga, shuningdek, 10 oylik “Zakovat” stipendiyasiga ega bo‘lishgan.
Namangan viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati






