Namangan 64-xalqaro "Gullar festivali"ga tayyorlanmoqda
2025-03-16 17:55:00 / Yangiliklar

Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov bugungi o‘rganishlari davomida viloyat markazida bu yil 64-bor o‘tkaziladigan xalqaro "Gullar festivali"ning tashkiliy masalalariga ham e’tibor qaratdi.
Xususan, viloyat rahbariga Namangan shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomi bilan ataluvchi madaniyat va istirohat bog‘ini festival doirasida bezatish yuzasidan loyiha takliflari taqdimoti o‘tkazildi.
Viloyat hokimi tashqi bezak ishlariga festival doirasida tashrif buyuradigan xorijiy sayyohlar qiziqishlarini e’tiborga olgan holda milliy an’analar uyg‘unligida yondashish lozimligini ta’kidladi.
Shuningdek, Koya baliqlari parvarishlash uchun tashkil etilayotgan ariq va xovuzlar bilan ham tanishildi.
Koya Yaponiya balig‘i-dekorativ karp balig‘i bo‘lib, "naqshinkar karp" degan ma’noni anglatadi. Koya balig‘i tabiatda yashovchi oddiy karplardan seleksiya orqali olingan va rang-barang turlari mavjud. Xususan, oq, qizil, qizg‘ish, ko‘k, sariq, qora va boshqa turli xil rangli variantlari odamga estetik zavq bag‘ishlaydi.
Shu bois festival ishtirokchilari, ayniqsa, bolajonlarga ko‘tarinkilik ulashish maqsadida bu yil bog‘ atrofidagi ariqlar hamda bog‘ ichidagi 1 gektarlik sun’iy ko‘lga Koya baliqlari tashlanadi. Hozirda buning uchun astoydil harakat boshlangan.
Viloyat hokimi shuningdek, "Namangansoy" atrofida barpo etilgan obodonlashtirish ishlarining bugungi holatini ham o‘rgandi. Katta sa’y-harakatlar bilan amalga oshirilgan go‘zal manzarani saqlash, yaratilgan sharoitlardan oqilona foydalanish lozimligini ta’kidlab, bu bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Namangan viloyati hokimligi Axborot xizmati.









