Namanganda zamonaviy yer usti piyodalar ko‘prigi qurilishi qizg‘in davom etmoqda
2025-02-16 20:20:00 / Yangiliklar

Xabaringiz bor, Namangan shahrining Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan "Sardoba" bozori hududida piyodalar uchun yer usti eskalatorli ko‘prik qurish loyihasi amalga oshirilmoqda.
"Sardoba" chorrahasi transport va aholining zich harakatlanadigan nuqtalaridan biri hisoblanib, ushbu hududda ko‘plab savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari joylashgan. Piyodalarning erkin harakatlanishi va xavfsizligini ta’minlash uchun hududda zamonaviy talablarga javob beradigan yer usti ko‘prigi barpo etilmoqda.
Loyihaga ko‘ra, yangi ko‘prik har tarafdan harakatlanuvchi eskalatorlar bilan jihozlanadi. Bu nafaqat piyodalar uchun qulaylik yaratadi, balki nogironligi bor shaxslar, bolali ota-onalar va nuroniylarning ham oson foydalanishlarini ta’minlaydi.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov yangi ko‘prik qurilishi jarayoni bilan yaqindan tanishdi. Qurilishga jalb qilingan mutaxassislar bilan suhbatlashib, loyiha ijrosini sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Namangan viloyati hokimligi Axborot xizmati.






