NAMANGAN VILOYATIDA TURIZM SALOHIYATINI RIVOJLANTIRISH BOʻYICHA YANGI LOYIHALAR AMALGA OSHIRILADI
2025-01-20 19:25:00 / Yangiliklar

Bugun Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov “Architecture and Engineering Group” MCHJ loyihalari bilan tanishdi. Uchrashuvda viloyatdagi turizm salohiyatini yanada yaxshilashga qaratilgan istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Xususan, Chortoq tumani “Chortoqsoy” qirgʻoq boʻyida, Chust tumani “Rezaksoy” suv ombori hududida, Kosonsoy tumani “Olmazor” massivida, Yangiqoʻrgʻon tumani “Qayroqi” mahallasi hududida, Pop tumani “Chodak” qishlogʻi hududida amalga oshiriladigan turizm yoʻnalishidagi master-rejalar muhokama qilindi.
Viloyat hokimi mazkur hududlarning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida ishga tushirilayotgan loyihalarga oʻxshash aholi dam olish maskanlari va turistik majmualarni tashkil etish boʻyicha tayyorlangan dastlabki loyihalarni yanada boyitish yuzasidan masʼullarga topshiriqlar berdi.
Bundan tashqari, yuqoridagi tumanlarning har biriga kamida 50 million dollarlik investitsiyalarni jalb qilish “paketi”ni shakllantirish, turizm va xizmat koʻrsatishga oid tarmoq jadvallarini ishlab chiqish vazifalari belgilandi.
Namangan viloyati hokimligi
Axborot xizmati





