YANGI TAHRIRDAGI KONSTITUTSIYA
2024-11-29 10:30:00 / Konstitutsiya - ko‘rgazmali materiallar (infografikalar)
Shavkat ABDURAZZOQOV.
Namangan viloyati hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi.
Bugun mamlakatimizda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentyabrdagi “Oʻzbekiston-2030” strategiyasi toʻgʻrisida Farmoni bilan belgilangan yoʻnalishlarda Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi saʼy-harakatlar izchil davom ettirilmoqda. Taʼkidlash joizki, 2023-yil 30-aprelda oʻtkazilgan referendumda umumxalq ovoz berish orqali Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi bu ezgu maqsadlarning konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlashga xizmat qildi.
Muhtaram Prezidentimiz shu yil 18, 19 hamda 20-noyabr kunlari Parlament majlislarida soʻzlagan nutqlarida taʼkidlaganlaridek, joriy yilning 27-oktyabr kuni mamlakatimizda Parlament hamda mahalliy Kengashlarga oʻtkazilgan saylov yangilangan Konstitutsiyamizga muvofiq oʻtkazilgan ilk saylov sifatida tarixga kirdi.
Yangi Oʻzbekiston bunyodkorligi borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni xalqimiz toʻliq qoʻllab-quvvatlayotgani yangilangan konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy yoʻnalishlarini takomillashtirish va amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim omil boʻlmoqda.
Xalqimizning erkin va farovon, qudratli Yangi Oʻzbekistonni barpo etish boʻyicha xohish-irodasini roʻyobga chiqarish, har bir fuqaroga oʻz salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sogʻlom, bilimli va maʼnaviy barkamol avlodni tarbiyalash, global ishlab chiqarishning muhim boʻgʻiniga aylangan kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli taʼminlashga davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida katta eʼtibor qaratilayotgani barcha sohalarda erishilayotgan natijalarda oʻz ifodasini topayapti.
Yangi tahrirda qabul qilingan Bosh Qomusimizning 1-moddasida Oʻzbekistonning maqomi suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatida qatʼiy, yaʼni oʻzgartirilmaydigan modda bilan belgilab qoʻyildi. Aytish mumkinki, mazkur modda Konstitutsiyamizning butun bir mazmun-mohiyatini oʻzida mujassam etib, Bosh Qonunimizning boshqa barcha moddalarining hayotga tatbiq etilishi uchun mustahkam poydevor boʻlib xizmat qiladi.
Konstitutsiyaning 1-moddasidagi “Oʻzbekiston – suveren demokratik respublika” jumlasi yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda “Oʻzbekiston – suveren respublika, huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy, demokratik davlat.”, deb oʻzgartirilgani, yaʼni mazmun-mohiyatan boyitilgani Bosh Qonunimizni yanada xalqchilroq boʻlishini taʼminladi. “Ijtimoiy”, degan tushunchada esa xalqimizning azaliy insonparvarlik tamoyillari, muqaddas dinimiz taʼlimotidan kelib chiqadigan adolat, tenglik, mehr-muruvvat fazilatlari mujassam topgan boʻlib, bu milliy qonunchiligimizni boshqa dunyoviy Konstitutsiyalardan oʻziga xos farqi ifodasini topgan.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan inson qadri ustuvor tamoyil etib belgilangan Konstitutsiyamizning barcha boʻlim va boblari, moddalari zamiriga shu aziz Vatanimizda millati, dini va boshqa oʻziga xos jihatlaridan qatʼiy nazar, davlatimiz fuqarolarini tashkil qilgan xalqimizning INSON degan nomga munosib yashashini taʼminlashga qaratilgan ezgu-gʻoyalar singdirilgan.
Jumladan, Konstitutsiyamizning 41-moddasida har bir shaxsning mulkdor boʻlish huquqi mustahkamlab qoʻyilgan. Mulohaza qilib koʻrilganda yaqin tarixda katta bir saltanatning tanazzulida xususiy mulkchilikning taʼqiqlangani ham asosiy omillardan biri boʻlganligini tushunib olish qiyin emas. Oʻsha davrlarda mulk hammaniki, mulk hech kimniki emas edi, oxir-oqibat nima boʻldi?!
Bugun milliy istiqlolimizning dastlabki kunidan mulkning oʻz egalariga qaytarib berish orqali erishilgan yutuqlarimizning debochasida turibmiz. Bosh Qomusimizda qaror toptirilgan mulkdorlik huquqi xali jamiyatimizni yanada yuqori pogʻonalarga koʻtarilishiga xizmat qiladi.
Yoki 42-moddada oʻz ifodasini topgan qulay mehnat qilish sharoitlarini yaratish, 43-modda bilan belgilangan ishsizlikdan himoya qilish, 47-moddada kafolatlangan uy-joyli boʻlish, 48-modda oʻz ichiga olgan malakali tibbiy xizmat, 50-modda bilan taqdim etilgan taʼlim olish huquqlari, 67-modda nazarda tutgan qulay ishbilarmonlik muhiti kabi huquqiy kafolatlar bozor iqtisodiyoti mexanizmlariga asoslangan demokratik, huquqiy, ijtimoiy davlatning xalqchil siyosatini belgilaydi.
Konstitutsiyamizning yuqoridagi va boshqa koʻplab moddalari bilan belgilangan kafolatlar viloyatimizda ham iqtisodiy, ijtimoiy rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlarda namoyon boʻlmoqda.
Hurmatli Prezidentimiz tomonidan iqtisodiyot tarmoqlarini qoʻllab-quvvatlash borasida olib borilayotgan oqilona siyosat natijasida soʻnggi besh yilda viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 2,0 barobarga oshdi (2020-yilda 32,7 trln. soʻm, 2024-yilga kelib 67,0 trln. soʻm). Aholi jon boshiga koʻrsatkich 11,5 mln.soʻmdan 21,5 mln.soʻmga yetkazildi.
Tadbirkorlik subyektlari soni 18 mingtadan 37 mingtaga, bunda yirik subyektlar 65 tadan 139 taga koʻpaydi. Tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash uchun 35 trln.soʻmdan ortiq kredit mablagʻlari ajratildi.
Bugungi kunda oldimizga quyilgan eng muhim masala – bu aholi daromadini oshirish orqali kambagʻallikni, ishsizlikni va migratsiyasini qisqartirishdir. 2022-yilda viloyatimizda 104,5 ming nafar kambagʻal oilalar mavjud boʻlib, kambagʻallik darajasi 15,7 foizni tashkil etgan edi. Mahallaga tushib, har bir oilalar bilan alohida individual ishlab, ularning daromadlarini oshirish orqali kambagʻal oilalar sonini 48,5 ming nafarga yoki kambagʻallik darajasini 7,8 foizga tushirildi. Hozirgi kunga kelib, viloyat aholisi soni 3 mln 115 ming nafarni, shundan 1 mln 243 ming nafari ish bilan band aholini tashkil etmoqda.
Soʻngi besh yilda 175 ming nafar (har yili oʻrtacha 35 ming nafardan) mehnatga layoqatli yoshlar ilk bora mehnat bozoriga kirib keldi. Ishsizlikni qisqartirish maqsadida soʻngi besh yilda 920 ming nafar doimiy ish oʻrinlari yaratildi. Amalga oshirilgan ishlar hisobiga ishsizlik darajasini 2020-yildagi 10,6 foizdan 2024-yil yakuni bilan 5,2 foizga, ishsizlar sonini 110 ming nafardan 51,2 ming nafarga tushirish kutilmoqda.
Viloyatimizning investitsion jozibadorligi va eksport salohiyatini oshirish borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. 2020-yil jami 364,9 mln. dollar xorijiy investitsiya oʻzlashtirilgan boʻlsa, 2024-yil 9 oyi yakuni bilan 1,6 mlrd. dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarjalb etildi. 2024-yil yakuni bilan qoʻshimcha zaxiralarni ishga solgan holda 3 mlrd. dollar xorijiy investitsiyalar oʻzlashtiriladi.
Misol uchun, Chust tumanida “Siberian Wellnes Namangan” MCHJ qoʻshma korxonasi tomonidan qiymati 50 mln. dollarlik “Pektin mahsulotini ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihasini amalga oshirish doirasida Rossiyaning “Siberian Wellness” kompaniyasi tomonidan 25,8 mln dollar, “Chust Aynur Ip” xorijiy korxonasi tomonidan qiymati 30 mln dollarlik “Akril xom-ashyosidan ip-kalava ishlab chiqarishni” tashkil etish loyihasini amalga oshirish hisobiga Turkiyaning 12 mln. dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalari jalb etildi.
Qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlar eksport yoʻnalishida ham oʻsish koʻrsatkichilari taʼminlanishiga omil boʻlmoqda. Jumladan, viloyatimiz eksporti hajmi 2020-yilda 380,5 mln.dollarni tashkil etgan. Amalga oshirilgan ishlar hisobiga 2024-yilning 10 oyida 682 mln. dollarni tashkil etmoqda (2020-yilga nisbatan oʻsish 1,7 barobarga ortdi). Yil yakuni bilan eksporti hajmini 1,0 mlrd.dollarga yetkaziladi.
Aholi bandligini taʼminlash, ishsizlikni qisqartirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil qilingan kichik sanoat zonalari “Namangan tajribasi” sifatida oʻzini oqlamoqda. 2020-yilda boʻsh va foydalanilmay kelinayotgan 166 gektar yer maydonlarida 13 ta sanoat zonalari tashkil qilinib, ushbu sanoat zonalariga 3,7 trln.soʻm qiymatdagi 280 ta tadbirkorlik subyektlari joylashtirilgan. 2020-2024-yillar davomida boʻsh turgan 656 gektar yer maydonlarida 59 ta qoʻshimcha sanoat zonalari tashkil etilib, sanoat zonalari sonini 72 taga yetkazildi. Ushbu sanoat zonalariga hozirda 8,8 trln.soʻm qiymatdagi 1 285 ta tadbirkorlik subyekti joylashtirilgan va 979 ta loyiha toʻla quvvatda ishga tushirildi va buning natijasida 50 mingdan ziyod yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Namangan shahridagi “Barkamol avlod”, “Dashtbogʻ”; Kosonsoy tumanidagi “Kushon”, “Namuna”; Uychi tumanidagi “Qumtepa”, “Yorkatay”, “Ovchibuloq”; Chortoq tumanidagi “Beshkapa” kichik sanoat zonalari shu jumladandir.
Aholiga munosib turmush sharoitlari yaratish boʻyicha infratuzilmani rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratildi. Xususan, 2020-2024-yillarda barcha maqsadli davlat dasturlari doirasida hududlarda mahalla infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 7 160 ta obyektda qurilish-taʼmirlash, jihozlash va obodonlashtirish ishlariga 8 trln 632 mlrd.soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Jumladan, 997,4 km umumfoydalanuvdagi yoʻllar asfaltlandi hamda 37 ta koʻprik va yoʻl oʻtkazgichlar qurildi. Viloyat boʻyicha 4 trln.soʻm mablagʻ evaziga 5035 km ichki yoʻllar asfaltlanishi natijasida 71 foiz ichki yoʻllarning holati yaxshilanib, 1 680 mingdan ziyod aholiga qulayliklar yaratildi.
Pop tumanida Chodak, Mingbuloqda Qozoqovul, Qorashahar, Ingichka, Kosonsoyda Uzunqishloq, Norinda Soyboʻyi, Norinkapa, Toʻraqoʻrgʻonda Xoʻjand, Buramatut, Uychida Jiydakapa, Boʻston mahallalari toʻliq asfaltlandi.
4 287,4 km uzunlikdagi suv tarmogʻi hamda 247 ta suv inshooti qurilishi va rekonstruksiya qilinishi natijasida aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasi 66,5 foizdan 84,9 foizga yetkazildi.
Misol uchun, OPEK jamgʻarmasi ishtirokidagi “Namangan viloyatining Zarkent, Xodikent, Iskovot, Buloqboshi, Yoshlik shaharchalari va Namangan shahrining suv taʼminotini yaxshilash” loyihasi boʻyicha 54 mln dollar jalb etish hisobiga viloyatda 6 ta suv taqsimlash inshooti, 12 ta umumiy quvvati 43 200 m3/sutka boʻlgan suv qudugʻi hamda 475 km suv tarmogʻi qurilib, rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Uy-joy taʼminoti sohasida 2020-yildan bugungi kunga qadar 14 721 ta xonadondan iborat 404 ta koʻp qavatli uy-joylar barpo etildi. Shuningdek, joriy yilda dastur doirasida viloyat boʻyicha 7200 xonadonli 152 ta koʻp qavatli uy-joylarning barchasida umumiy qurilish ishlari 88 foizni tashkil etib, yil yakuniga qadar toʻliq foydalanishga topshiriladi.
Ijtimoiy sohani rivojlantirish borasida ham ijobiy natijalarga erishdik. 2020-2024-yillarda viloyatda jami 103 ta maktabgacha taʼlim muassasasi taʼmirlandi, 33 ta yangi qurildi hamda 2514 ta yangi nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalari tashkil etildi. Bugungi kunda, viloyat boʻyicha 3 807 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti mavjud boʻlib, ularga viloyatdagi 3-7 yoshli 269 712 nafar bolalardan 210 695 nafari maktabgacha taʼlimga qamrab olingan. Yoki maktabgacha taʼlim qamrovi 2020-yildagi 62,9 foizdan 78,1 foizga yetkazilishi taʼminlandi.
2020-2024-yillar mobaynida jami 182 ta maktablar taʼmirlandi, 21 ta yangi maktab qurildi hamda 36 ta xususiy maktablar tashkil etildi. Bitiruvchi sinf oʻquvchilarini oliy taʼlim muassasalariga jalb qilish koʻrsatkichi 2020-yilda 9,2 foizni tashkil etgan boʻlsa, bugungi kunda 50,1 foizga yetkazildi.
Sogʻliqni saqlash tizimida faoliyat koʻrsatayotgan 14 ta koʻp tarmoqli markaziy poliklinikadan 13 tasi, 80 ta oilaviy poliklinikadan 61 tasi, 100 ta oilaviy shifokorlik punktidan 75 tasi, 36 ta viloyat darajasidagi shifoxonalardan 30 tasi taʼmirlanib, foydalanishga topshirildi. 27 ta oilaviy shifokorlik punkti va 10 ta oilaviy poliklinikalar yangidan tashkil etildi.
Taʼkidlash joizki, qisman aytib oʻtilgan yuqoridagi ishlarning samarasi zamirida mamlakatimiz Bosh Qomusi bilan kafolatgangan huquqiy asoslarning amaldagi ifodasidir.
Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga boʻlib oʻtgan saylovlarda partiyalar va deputatlikka nomzodlarning saylovoldi dasturlarida fuqarolarimizni orzu-intilishlari, dardu tashvishlari, mavjud muammolarni hal etish yoʻllari oʻz ifodasini topganini alohida taʼkidlash lozim.
Xususan, partiyalarning saylovoldi dasturlarida ilgari surgan gʻoyalari va tashabbuslari “Yangi Oʻzbekiston”ning istiqbolga moʻljallangan ijtimoiy-iqtisodiy Dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda muhim rol oʻynaydi. Shu nuqtai nazardan, viloyatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning 2025-2029-yillarga moʻljallangan Dasturi ishlab chiqildi. Bunda “Oʻzbekiston - 2030” strategiyasida hamda davlatimiz rahbarining farmon va qarorlarida belgilangan ustuvor vazifalar, viloyatimizning mavjud salohiyati hamda ichki imkoniyat va zaxiralarni qayta hisob –kitob qilib, marrani baland olganmiz.
Dasturga asosan iqtisodiy oʻsishni taʼminlash boʻyicha mavjud zahira va imkoniyatlardan kelib chiqqan holda viloyat iqtisodiyoti 2029-yilga borib, 2024-yilga (67,1 trln.soʻm) nisbatan 2,0 barobarga (129,5 trln.soʻm) oshiriladi. Bunda, yalpi hududiy mahsulot hajmi aholi jon boshiga 21,5 mln.soʻmdan 37,8 mln.soʻmga yetkaziladi.
Bugungi kunda viloyatdagi 788 ta mahallaning 77 tasi sanoat, 102 tasi savdo va xizmat koʻrsatish, 35 tasi hunarmandchilik, 298 tasi dehqonchilik, 151 tasi chorvachilik, 50 tasi issiqxona va 75 tasi boshqa sohalarda drayver yoʻnalishlariga ixtisoslashgan holda yaratuvchanlik ishlari bilan band. Kelgusi yillarda mahallalarning asosiy va qoʻshimcha drayver yoʻnalishlarini rivojlantirishga eʼtibor qaratiladi. Bunda, 76,8 ming xonadon mahallaning amaldagi asosiy yoʻnalishi boʻyicha, 38,3 ming xonadon yangi samaradorligi yuqori boʻlgan yoʻnalishlari boʻyicha ixtisoslashtiriladi.
Kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash hamda tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish borasida tijorat banklari tomonidan 2025-2029-yillarda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari asosida 2,9 trln.soʻmlik imtiyozli kreditlar ajratiladi. 3,8 trln.soʻmlik 113120 ta mikroloyiha moliyalashtirilishi natijasida 271 mingdan ziyod aholi bandligi taʼminlanadi. Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish, yirik savdo-sanoat xablarini tashkil etish, yoʻl boʻyida xizmatlarni rivojlantirish boʻyicha ishlab chiqilgan rejalarni amalga oshiriladi. Mavjud imkoniyatlar va katta zaxiralarni ishga solish orqali xizmat koʻrsatish hajmi besh yil ichida 2,6 barobarga oshib, (2024-yilda 22,8 trln.soʻm) 59,1 trln.soʻmga etadi. Aholi jon boshiga xizmat koʻrsatish hajmini 20,0 mln.soʻmga yoki ikki barobarga yetkazish taʼminlanadi. Xizmat koʻrsatish sohasida 8 554 ta savdo va servis obyektlari tashkil etilib, 93,8 ming nafar aholi bandligi taʼminlanadi.
Prezidentimizning viloyatimizga tashriflari chogʻida Angren-Toʻraqoʻrgʻon yoʻnalishida 100 kilometr masofada yoʻlboʻyi infratuzilmasini tartibli tashkil qilish boʻyicha berilgan topshiriqlarga muvofiq “master-reja” ishlab chiqilmoqda. Unga koʻra, 1-bosqichda qiymati 186,0 mln.dollarlik servis hamda maishiy xizmat koʻrsatish loyihalari amalga oshiriladi. Shu bilan birga, shahar va tumanlarda jami 48 ta tunu-kun faoliyat yurituvchi maxsus xizmat koʻrsatish koʻchalari tashkil etish orqali 5,0 mingta savdo va servis obyektlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Shuningdek, viloyatda 10 ta yirik xizmat koʻrsatish obyekti, 2 ta (Davlatobod va Yangiqoʻrgʻon tumanlari) bozorlar hamda Toʻraqoʻrgʻon tumanida 1 ta yirik logistika markazi tashkil etilib, unda ming nafardan kishi ish bilan taʼminlanadi.
Mazkur loyihalarni hayotga tatbiq etish orqali viloyatda ishsizlik darajasini 5,2 foizdan 3,7 foizga qisqartirish, yaʼni, kelgusi besh yillikda 970 ming nafar aholi bandligiga erishiladi. Ishsiz oilalarga 110 mlrd.soʻm subsidiya mablagʻlari va 1,7 trln.soʻm imtiyozli kredit mablagʻlari ajratish orqali tadbirkorlikka jalb etib, 48,5 ming oila kambagʻal oila bilan individual ishlab, daromadlarini oshirish orqali kambagʻallik darajasini 7,8 foizdan 3,8 foizga kamaytiriladi.
Iqtisodiyotni yuksaltirishning muhim omillaridan biri hisoblangan masala - viloyatimizning investitsion jozibadorligi va eksport salohiyatini oshirish borasida 14,7 mlrd.dollarlik xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish choralari koʻriladi. Jumladan, Toʻraqoʻrgʻon tumani Ibrat massividagi “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi hududini kengaytirildi. Bu yerda umumiy qiymati 1 mlrd.dollarlik 22 ta yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 14 mingta ish oʻrni ochiladi. Shuningdek, xitoylik hamkorlar bilan birgalikda “Uchqoʻrgʻon-Kensay” bojxona posti yonida umumiy qiymati 150 mln.dollar boʻlgan yirik “Erkin savdo zonasi” tashkil etiladi.
Sanoatning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida, qiymati 1,3 mlrd.dollar boʻlgan 4 ta yirik strategik ahamiyatga ega loyiha, shu jumladan Pop tumanida umumiy qiymati 850 mln.dollarlik quvvati 1 000 megavat boʻlgan 2 ta yirik quyosh foto elektr stansiyalari ishga tushiriladi.
“Namangan tajribasi” sifatida kichik sanoat zonalarini tashkil etish ishlarini davom ettirib, 23 ta kichik sanoat zonasidagi 333 ta loyiha toʻla quvvatda ishga tushirilib, ularda 17,1 ming yangi ish oʻrni barpo etiladi. Viloyat boʻyicha 9 ta yangi kichik sanoat zonasi avvalgilari safiga qoʻshilib, ularning sonini 81 taga yetkaziladi. Masalan, Chortoq tumanidagi Oʻrikzor mahallasi hududidan ajratilgan 106 gektar maydonda toʻqimachilikka ixtisoslashgan sanoat zonasi tashkil etiladi va u yerda ishga tushirilajak 1,1 mlrd.dollarlik 83 ta loyiha 18,3 ming yangi ish oʻrni demakdir. Shuningdek, 2025-2029-yillarda qiymati 68,3 trln.soʻmlik 6 831 ta hududiy investitsiya loyihasi yana 165,8 ming nafar kishining bandligini taʼminlash imkoniyatini beradi.
Aholini uy-joy bilan taʼminlash va mahalla infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan ishlarni izchil davom ettirgan holda yoʻl sohasida 1 294,6 km umumfoydalanuvdagi yoʻllar va 3360,7 km ichki yoʻllar asfaltlanadi hamda 58 ta koʻprik va yoʻl oʻtkazgichlar quriladi. Jumladan, qiymati 185 mlrd.soʻmlik loyiha asosida Uychi tumani orqali Uchqoʻrgʻon va Norin tumanlarini markazlari bilan bogʻlovchi yangi yoʻl hamda Norin daryosi ustida yangi koʻprik quriladi. Andijon va Namangan viloyatlarini Toshkent shahri bilan bogʻlovchi davlat ahamiyatiga ega Pungon-Namangan avtomobil yoʻli (0-75 km) qayta qurilishiga 264,5 mln.dollar mablagʻ yoʻnaltiriladi.
Ichimlik suvi taʼminoti sohasida 509 km. uzunlikdagi suv tarmoqlarini hamda 40 ta suv inshootlarini quriladi va rekonstruksiya qilinadi. Natijada, aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasi 84,9 foizdan 90,0 foizga yetkaziladi. Bu boradagi ishlar orasida “Namangan shahar kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish” loyihasi doirasida Namangan shahar oqava suvlar tozalash inshooti oʻrnida umumiy qiymati 96 mln.dollarlik yangi oqava tozalash inshooti va 7,5 km tashlama kollektorini davlat xususiy sheriklik asosida qurish loyihasining ahamiyatini alohida taʼkidlash joiz.
Elektr sohasida 4 931 km uzunlikdagi elektr tarmoqlarini va 1 337 ta transformator punkti rekonstruksiya va modernizatsiya qilinadi.
Ayni paytda hurmatli Prezidentimiz tomonlaridan tashrif davomida Uychi tumanida start berilgan “Norin GESlar kaskadi” qurilishi jadal olib borilmoqda. Mazkur GESlar kaskadi orqali 228 Mega vattli 6 ta stansiya yiliga 1 milliard kilovatt elektr chiqarish imkoniyatiga erishiladi.
Issiqlik taʼminoti sohasida Davlatobod tumanidagi koʻp qavatli uylarni markazlashgan issiqlik tizimiga ulash boʻyicha ikkinchi bosqichda RK-2 qozonxonasini ishga tushirish hisobiga 198 ta koʻp qavatli uydagi 8 724 xonadon issiqlik tizimiga ulanadi.
Uy-joy taʼminoti sohasida 22 070 xonadonli 877 ta koʻp qavatli uy-joy quriladi. Rennovatsiya loyihasi doirasida aholi zich boʻlgan hududlarda “boʻyiga oʻstirish” tamoyili asosida 1 152 xonadonli 16 ta koʻp qavatli uy-joy barpo etiladi.
Shuni alohida taʼkidlash kerak, Namangan shahri aholisi soni jihatidan “Bir millionlik shahar” maqomini olganidan kelib chiqib, davlatimiz rahbarining topshiriqlarga asosan “Yangi Namangan” shaharchasi bunyod etilmoqda. Shaharcha hududida 721 ta turar-joy obyektida jami 50 mingdan ortiq xonadonlar, 28 ta oʻrta maktab, 24 ta bolalar bogʻchasi, 5 ta shifoxona, shuningdek oliy taʼlim muassasasi, biznes-markazlari, kinoteatr, madaniyat markazi, mehmonxona, IT park, sanʼat galereyasi kabi obyektlarni barpo etish ishlari amalga oshirilmoqda. Shaharcha hududida 93,0 mlrd.soʻm mablagʻ hisobiga 58,0 gektar maydonda “Yangi Oʻzbekiston bogʻi” ham foydalanishga topshirildi. Shuningdek, Davlatobod, Chust va Pop tumanlarida tashkil etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida 5 960 ta xonadonli 233 ta koʻp qavatli uy barpo etiladi.
Konstitutsiyamizda “ijtimoiy davlat” degan tushunchaga bejiz urgʻu berilmagan, zero, ijtimoiy sohani rivojlantirish davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishidir. Shu nuqtai nazardan maktabgacha va maktab taʼlimi tizimi boʻyicha kelgusi besh yilda viloyatdagi 85 ta maktabgacha taʼlim muassasasi rekonstruksiya qilinadi va 21 ta yangi quriladi. 1 020 ta oilaviy bogʻcha, 20 ta davlat-xususiy sherikchilik bogʻchasi tashkil etilib, maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasini 85 foizga yetkaziladi. 386 ta maktab taʼmirlanadi, 14 ta yangi maktab quriladi va yangi 21 ta xususiy maktab ochiladi. Sogʻliqni saqlash tizimida 67 ta tibbiyot muassasasida qurilish taʼmirlash ishlarini amalga oshiriladi.
Xulosa qilib aytganda, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda erishilayotgan muvaffaqiyatlarga Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi mustahkam huquqiy poydevor boʻlib xizmat qiladi.
Kuni kecha davlatimiz rahbari tomonidan yangi saylangan parlamentning birinchi yigʻilishida, respublika hukumati rahbarini tayinlashga bagʻishlangan yigʻilishlarda oldimizga oliy maqsad va katta-katta marralarni qoʻygan holda birdamlikda harakat qilishimiz davr talabi ekanligi alohida taʼkidlandi. Har qanday muvaffaqiyatga erishish uchun eng avvalo har birimizdan Vatanga yuksak sadoqatli, har bir ishda shijoatkor va tashabbuskor boʻlish talab etiladi.
Albatta, Namangan viloyatini ham ijtimoiy, ham iqtisodiy rivojlantirishning istiqbolli dasturida belgilangan maqsadlar va vazifalarni birgalikda toʻla-toʻkis amalga oshirishimizga ishonchimiz komil va bunda bizga Bosh Qomusimiz bergan huquqiy kafolatlarga suyanamiz!
