Yurt kelajagi uchun ovoz berdim
2024-10-27 11:50:00 / Yangiliklar

Bugun mamlakatimizda oʻtkazilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga Namangan viloyatida ham jiddiy hozirlik koʻrildi. Jarayonda biz Namangan yoshlari ham faol ishtirok etayotganimizdan xursandmiz.
Mamlakatimizda isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning oʻz iqtidorlarini toʻlaqonli namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Buning natijasida yuksak marralarni zabt etayotgan yoshlar safi yildan-yilga ortib bormoqda.
Men ayni vaqtda talabaman. Shu bilan birga yurtimizda sogʻlom maʼnaviy muhitni qaror toptirish, yosh avlodni vatanparvarlik, istiqlol gʻoyalariga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi ibratli ishlarga oʻz hissamni qoʻshish uchun doimiy izlanishdaman. Hozirgi kunda faol yosh sifatida imkoniyati cheklangan bolalar, iqtidorli va isteʼdodli talabalar, xotin-qizlar uchun 100 dan ortiq ijtimoiy loyihalar tashkil etdim.
Masalan, talaba-qizlarning faolligini oshirish, gender siyosatini keng targʻib qilish va jamiyatda xotin-qizlarning oʻrnini yanada mustahkamlash maqsadida “Girls for girls” taʼlim almashinuv dasturini yoʻlga qoʻyish orqali 500 dan ortiq qizlarni ushbu loyihaga jalb qila oldim.
Bu kabi izlanishlarim oʻz samarasini bermoqda. Xususan, oʻtgan yili Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Islohotlar bilimdoni” Respublika koʻrik-tanlovining final bosqichida faxrli 3-oʻrinni qoʻlga kiritgan boʻlsam, joriy yilda “Yoshlar kuni” munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga asosan “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlanganim menga yanada gʻayrat bagʻishlash barobarida masʼuliyat ham yukladi.
Bugun saylovda oʻzim istiqomat qilayotgan hududdagi 83-saylov uchastkasida tengdosh dugonalarim bilan ishtirok etib, yurt kelajagi uchun ovoz berish juda hayajonli hamda faxrli boʻldi. Partiyalar hamda nomzodlar saylovoldi dasturi bilan yaqindan tanishganman. Bugun saylovda ovoz berib, oʻzim maʼqul deb topgan nomzodni qoʻllab-quvvatlaganimdan xursandman.
Masturaxon Nabixonova,
Namangan Davlat pedagogika instituti talabasi,
“Kelajak bunyodkori” medali sohibasi.



