Hamdardlik
2024-10-07 15:05:00 / Yangiliklar

Nikolay Fyodorovich BORISOV
Namangan viloyati jamoatchiligi ogʻir judolikka uchradi. Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, urush va mehnat faxriysi, butun umrini el - yurt manfaati yoʻlidagi samarali mehnatga sarflagan Nikolay Fyodorovich Borisov 100 yoshida vafot etdi.
N.Borisov 1924-yilda Rossiyada tugʻilgan. Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi.
Koʻksi orden-medallarga toʻlgan Nikolay Fyodorovich urushni gʻalaba bilan tamomlab, uyiga qaytadi, lekin yaqinlaridan, qarindoshlaridan hech kimni topa olmagach, quroldosh doʻsti Moʻminjon bilan birga 1948-yili Oʻzbekistonga, Namanganga keldi.
Namanganni oʻz yurtidek sevgan va qadrlagan Nikolay Borisov Toshkent qishloq xoʻjaligi institutida tahsil olib, iqtisodchi mutaxassisligiga ega boʻldi va Namangan shahar elektr tarmoqlari korxonasida 20 yil ishladi. Shundan soʻng Namangan shahar ijroiya qoʻmitasining rejalashtirish hamda statistika boʻlimlarida faoliyat koʻrsatdi.
Samarali mehnatlari uchun bir necha bor medallar, “Faxriy yorliq”lar bilan taqdirlandi.
N. F. Borisov 2004-yili - 80 yoshida nafaqaga chiqqanidan keyin ham mahallada, korxona, tashkilot, muassasalarda, taʼlim muassasalarida yoshlar bilan tashkil qilingan uchrashuvlarda faol qatnashdi. Bugungi dorulomon kunlarga osonlikcha erishilmagani, tinchlikning qadriga yetish lozimligini taʼkidladi, yoshlarni vatanparvar, yurtparvar boʻlishga daʼvat etdi.
Viloyatimizda koʻplarning sevimli ustoziga aylangan Borisov Nikolay Fyodorovich oilaparvar inson ham edi. U turmush oʻrtogʻi bilan ikki oʻgʻilni shu yurtga munosib farzand etib tarbiyaladi, toʻrt nevara va yana shuncha evaraning suyukli bobosi ham edi.
Nikolay Fyodorovich Borisovning yorqin xotirasi qalblarimizda mangu saqlanadi.
Namangan viloyati hokimligi.
