Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot: muammo va takliflar oʻrganilib, tegishli yechim topildi
2026-10-21 19:35:00 / Yangiliklar

Muhtaram Prezidentimizning Namanganni “Tadbirkorlar yurti, kichik va oʻrta biznes markazi” deb eʼtirof etganlari buning yaqqol dalilidir. Taʼkidlash joiz, ayni vaqtda Namanganda kichik sexdan tortib, yirik sanoat korxonasigacha – minglab tadbirkorlar mehnat qilyapti. Ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, faoliyatlarini yanada rivojlantirish maqsadida viloyat hokimi tomonidan anʼanaviy tarzda har haftaning chorshanba kuni ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvlar oʻtkazib borilmoqda.
Davlatobod tumanidagi Yangi Namangan shaharchasida joylashgan "Congress hall"da Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov boshchiligida viloyat prokurori U.Madrahimov hamda IIB boshligʻi SH.Aliyevning mahalliy va xorijiy tadbirkorlar bilan navbatdagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Ochiq muloqot tarzida oʻtgan tadbirda 30 nafardan ziyod tadbirkorlar oʻzlari duch kelayotgan muammolar va takliflari bilan murojaat qildilar.
Viloyat hokimi tadbirkorlar tomonidan koʻtarilgan har bir masalani batafsil oʻrganib chiqib, ularni hal etish uchun masʼul rahbarlarga aniq topshiriqlar berdi. Taʼkidlash joiz, masalalarning aksariyatiga shu joyning oʻzida yechim topildi, tadbirkorlarning yangi loyihalari qoʻllab-quvvatlandi.
Uchrashuvda viloyatda investorlar va tadbirkorlar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilishi, ularning huquq va manfaatlari toʻliq himoya qilinishi taʼkidlandi.









