Kuzgi dolzarb yumushlar – shudgorlashdan tortib, ariq-zovurlarni tozalash, yerga-yer qo‘shish, dala madaniyatini shakllantirish asosiy e’tiborda!
2026-10-21 14:15:00 / Yangiliklar

Bu yil Namangan paxtachiligida tarixiy natija qo‘lga kiritildi – yetishtirilgan mo‘l hosil qisqa fursatda yig‘ishtirib olinib, paxta sotish rejasi ortig‘i bilan uddalandi. Bu esa kuzgi muhim tadbir – shudgorlash va boshqa yumushlarni ertaroq amalga oshirish imkonini bermoqda.
Viloyat qishloq xo‘jaligi hamda sohaga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar mutasaddilari, tuman hokimlarining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari va boshqa mas’ullar ishtirok etgan seminarda shudgorlashni talab darajasida, sifatli tashkil etish, yerga-yer qo‘shish, dala madaniyatini shakllantirish kabi agrotexnik tadbirlar amalda ko‘rsatib berildi.
Ushbu mavsumda viloyat bo‘yicha shudgorlanishi belgilangan 108 477 gektar maydonning 12 241 gektari g‘o‘zadan, 70 728 gektar takroriy ekindan, 25 328 gektari esa boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlaridan bo‘shagan maydonlar hisobiga to‘g‘ri keladi. Shudgorlash ishlarini tizimli tashkil etish maqsadida 126 ta otryadlar shakllantirildi.
Seminarda ushbu otryadlar uzluksiz ishlashi va mavsumni tez kunlarda yakunlashi uchun ko‘rilgan choralar, biriktirilgan texnika hamda ehtiyot qismlar zahirasi ham ko‘zdan kechirildi. Otryadlar a’zolari rag‘batlantirildi.
Shu yerda jonliq so‘yildi. Kuzgi dolzarb yumushlarga xayr-baraka so‘rab, nuroniylar tomonidan duolar qilindi.
Seminar yig‘ilishida soha mutasaddilarining hisobotlari eshitildi. Tajribali oqsoqollarning maslahatlari tinglandi.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov kun tartibida ko‘rilayotgan masalalarga birma-bir to‘xtalib, soha xodimlari oldida turgan vazifalarni belgilab berdi.
Namangan viloyati hokimligi
Axborot xizmati









