Obod bo‘layotgan"Shovon": yo‘llar sozlanib, infratuzilma rivojlantirilyapti, drayver qo‘llab-quvvatlanmoqda
2026-10-20 17:15:00 / Yangiliklar

Mazkur mahalla ahli qo‘ychilik bilan shug‘ullanishda tobora ilgarilab boryapti. Hozirda 500 ga yaqin xonadonda qo‘y parvarishlanayotgan bo‘lsa, 30 dan ortiq fuqaro boshqa viloyat hamda qo‘shni respublikalardan zotdor jonivorlarni keltirib, tadbirkorlik bilan faol shug‘ullanmoqda. Mana shu omilni nazarda tutgan holda hududdagi foydalanilmay turgan 1 gektardan ortiq maydonda qo‘ychilik markazi tashkil etishga kirishilgan.
40 dan ziyod qo‘yxonalar qurish hamda chorva hayvonlariga xizmat ko‘rsatuvchi veterinariya shoxobchasi tashkil etishdan tortib teri va junni qayta ishlashgacha bo‘lgan jarayonlar qamrab olinadigan markazda savdo-sotiq uchun barcha sharoitlar yaratish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, loyihadan hududni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, turli yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatuvchi shoxobchalar bunyodga keltirish ham o‘rin olgan. Mazkur markazning asosiy ahamiyati shundaki, aholini rasmiy ish bilan band qilish va daromadini oshirishda o‘rni alohida bo‘ladi.
Hozirda qurilish ishlari jadal davom etmoqda. Viloyat hokimi bu yerda chorvadorlarga yaratib beriladigan sharoitlarni yanada mukammallashtirish bo‘yicha takliflarini berdi.
"Shovon" mahallasidan "Gulqishloq" mahallasi tomon olib boruvchi yo‘l bo‘yida katta o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Hududning transport qatnovi va aholi gavjumligi inobatga olinib, mazkur yo‘nalishni zamonaviy va obod ko‘chaga aylantirish ishlariga alohida e’tibor qaratilgan.
Loyihaning o‘ziga xos jihati shundaki, bu yerda faqat yo‘lni ta’mirlash bilan cheklanib qolinmay, ko‘chaning umumiy infratuzilmasi kompleks tarzda yaxshilanmoqda. Yo‘l qoplamasi, piyodalar harakati, ko‘cha obodonchiligi va xizmat ko‘rsatish sohalari bir-biri bilan uyg‘un holda tashkil etilmoqda. Shavkatjon Abdurazzoqov aholi xonadonlari tashqi ko‘rinishi ham shunga mos ravishda bo‘lishi haqida mas’ullarga ko‘rsatma berdi.
To‘raqo‘rg‘on tumani hokimligi
Axborot xizmati









