CHUSTDA SANOAT SALOHIYATI OSHMOQDA: YANGI ISH O‘RINLARI VA ISHLAB CHIQARISH QUVVATLARI
2026-10-17 13:20:00 / Yangiliklar
Bugun Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Chust tumanidagi «Namangan» erkin iqtisodiy zonasi hududida joylashgan «Chust Ay-Nur Ip» MCHJ XK faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Xususan, akril xomashyosidan ip-kalava ishlab chiqarish loyihasi, korxonada amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi rejalar o‘rganildi. Ma’lumot uchun, umumiy qiymati 15 million AQSH dollarini tashkil etuvchi mazkur loyiha doirasida yiliga 4 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish quvvati yaratilmoqda.
Loyihaning birinchi bosqichi ishga tushirilgan bo‘lib, bugungi kunda korxonada 80 nafardan ortiq fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan.
Loyihaning ikkinchi bosqichida bo‘yoq mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bu esa ishlab chiqarish jarayonlarini kengaytirish, mahsulot turlarini ko‘paytirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish uchun zamin yaratadi.
Viloyat hokimi korxona faoliyati bilan yaqindan tanishib, sanoat korxonalarini rivojlantirish, investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirish, mahalliy ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda aholi bandligini ta’minlash muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Chust tumani hokimligi
Axborot xizmati




