NORIN BUGUN: RAVON YO‘LLAR — OBOD HAYOT, YANGI IMKONIYATLAR VA FAROVON KELAJAK SARI!
2026-10-13 10:35:00 / Yangiliklar

Ravon yo‘llar — taraqqiyot belgisi, obodlik ko‘zgusi va aholi farovonligining muhim omili. Bugun Norin tumanida amalga oshirilayotgan yo‘lsozlik ishlari hudud infratuzilmasini yangilash, odamlar uchun qulay va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratishga xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan hududlarni obodonlashtirish, infratuzilmani rivojlantirish va aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan vazifalar ijrosi doirasida tumandagi avtomobil yo‘llarini ta’mirlash ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, Norin tumani hududidan o‘tuvchi «Cho‘ja qishlog‘i — Norinkapa qishlog‘i — Haqqulobod shahri» avtomobil yo‘lini ta’mirlash va rekonstruksiya qilish uchun oltmish milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Loyiha doirasida jami yigirma uch kilometr yo‘lga asfalt yotqizish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar uning o‘n yetti kilometrida asfaltlash ishlari yakunlandi. Qolgan qismlarda ishlar izchil davom etmoqda.
Yo‘lni yangilash jarayonida qatnov qismini kengaytirish, piyodalar uchun zamonaviy yo‘laklar barpo etish, suv chiqarish tizimi uchun lotoklar yotqizish ishlari ham olib borilmoqda. Bu esa harakat xavfsizligini oshirish, aholiga qulaylik yaratish va hududning qiyofasini yanada obod etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yigirma uch kilometrlik yo‘l — bu shunchaki asfalt emas! Bu minglab insonlarning manziliga eltuvchi ravon yo‘l, xavfsiz harakat, tejalgan vaqt va ertangi kunga ishonchdir.
Norinda bunyodkorlik ishlari davom etmoqda. Har bir yangilanayotgan yo‘l tuman taraqqiyotiga, aholi farovonligiga va obod manzillar barpo etilishiga xizmat qilmoqda.
Norin tumani hokimligi Axborot xizmati






