Kosonsoy markaziy o‘yingohida keng ko‘lamli qurilish davom etmoqda
2026-10-07 14:40:00 / Yangiliklar

Jumladan, tumanning “Gulobod” mahallasida joylashgan markaziy futbol o‘yingohi yillar davomida ta’mirtalab holatda bo‘lib kelgan. Endilikda stadionni to‘liq rekonstruksiya qilish va zamonaviy qiyofaga keltirish maqsadida keng ko‘lamli qurilish ishlari olib borilmoqda.
«Yangi O‘zbekiston qiyofasi» dasturi doirasida qariyb 11 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, stadionni zamonaviy standartlarga javob beradigan, aholi uchun qulay va futbol ixlosmandlari uchun sevimli sport maskaniga aylantirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, rekonstruksiya ishlari yakuniga yetgach, ushbu majmua nafaqat futbol musobaqalari, balki turli sport va madaniy tadbirlar o‘tkaziladigan zamonaviy maskan sifatida ham xizmat qiladi.
Ayni paytda qurilish ishlari «Kushon binokor» xususiy korxonasi tomonidan jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda.
Bugun Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov tuman markaziy o‘yingohida bo‘lib, rekonstruksiya ishlari bilan tanishdi.
Viloyat rahbari mas’ullarga qurilish ishlarini sifatli bajarish, obodonlashtirish ishlarini jadallashtirish hamda obyektni belgilangan muddatda foydalanishga topshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Kosonsoy tumani hokimligi
Axborot xizmati






