BAAlik investor: “Namanganda meni qo‘llab-quvvatlashyapti. Faoliyatimni yanada kengaytirmoqchiman”
2026-10-02 14:05:00 / Yangiliklar

Muhtaram Prezidentimizning 2021 yil 18-19 fevral kunlari Namangan viloyatiga tashriflari davomida ushbu loyihani yanada kengaytirish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan.
Shundan so‘ng, 350 gektar yer ajratilib, 160 gektarda umumiy qiymati 6,0 mln. AQSH dollari qiymatidagi loyiha amalga oshirildi. Bu bilan yiliga 4000 tonna meva mahsulotlari yetishtirish quvvati yaratildi hamda 60 ta yangi ish o‘rinlari barpo etildi. E’tiborli tomoni, bu yerda yetishtirilgan mahsulotlar asosan eksportga yo‘naltirilmoqda.
Yaqinda loyihaning 2-bosqichi ishga tushirildi. Shu munosabat bilan xorijiy investor - "SURA HOLDING LLC" kompaniyasi rahbari Aymen Abdelbari Namanganga keldi.
Bugun Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov xorijiy hamkorni qabul qildi.
Samimiy o‘tgan uchrashuvda faoliyatni kengaytirish, eksport hajmini oshirish, yangi loyiha doirasida yana yangi intensiv bog‘lar yaratish masalalari yuzasidan fikr-mulohaza almashildi. Janob Aymen Abdelbari ko‘rsatilayotgan e’tibor va amaliy yordam uchun minnatdorlik bildirib, qo‘shimcha investitsiyalar kiritish bo‘yicha takliflarini bildirdi.
Xususan, qishloq xo‘jaligi bilan bir qatorda turizm, sanoat, xizmat ko‘rsatish va boshqa yo‘nalishlarda ham yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Viloyat hokimi xorijiy investorni qo‘llab-quvvatlash, hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tumani hokimi va tegishli mutasaddilarga vazifalar belgilab berdi.
Namangan viloyati hokimligi
Axborot xizmati



