Chiqindini qayta ishlash — ekologik ahamiyatga ega yirik investitsion loyiha
2026-09-29 15:25:00 / Yangiliklar
Chust tumanida amalga oshirilayotgan ushbu loyiha muhim ekologik va iqtisodiy ahamiyatga ega obyektlaridan biri hisoblanadi.

Zarafshon MFY hududida “Everbright Environmental Energy Namangan” MCHJ XK tomonidan Xitoylik investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihaning umumiy qiymati 141,5 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Bugun Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov olib borilayotgan qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Hamkorlar bilan uchrashuvda jarayonni tezlatish, loyihani belgilangan muddatda foydalanishga topshirish bo‘yicha muammolar o‘rganilib, tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Ma’lumot uchun, mazkur loyiha ishga tushirilishi natijasida yiliga 547,5 ming tonna maishiy chiqindi qayta ishlanadi hamda 310 million kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Ushbu hajmning 254 million kVt·soati elektr tarmoqlariga uzatilib, qariyb 300 ming nafar aholining yillik elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qoplash imkoni yaratiladi.
Shuningdek, loyiha doirasida 180 nafar fuqaroning doimiy bandligi ta’minlanishi rejalashtirilgan.






