Yoshlar uchun yangi imkoniyatlar maydoni
2026-09-25 21:50:00 / Yangiliklar

“Uch favvora xiyoboni”da “Yangi O‘zbekistonning istiqbolli kadrlari” TOP-100 tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi, “Yoshlar sayilgohi”da esa “Men tanlagan kasb” yoshlar sayli tashkil etildi.
Tadbirda Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi direktori Ulug‘bek Xusainov, huquq-tartibot idoralari rahbarlari hamda yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida, viloyat hokimi va mehmonlar “Yoshlar sayilgohi”da tashkil etilgan ko‘rgazma hamda kasblar yarmarkasini ko‘zdan kechirdi. Yoshlarga turli kasb va mutaxassisliklar, ta’lim yo‘nalishlari hamda kasbiy rivojlanish imkoniyatlari haqida ma’lumotlar berildi. Huquq-tartibot idoralari tomonidan maxsus texnika va jihozlar namoyish etildi.
Ayniqsa, yoshlarning o‘z qiziqishi va qobiliyatiga mos kasbni tanlashiga ko‘maklashuvchi “Kasblar va mehnat yarmarkasi” festivalning asosiy mazmunini tashkil etdi.
Shundan so‘ng tadbirning rasmiy qismi bo‘lib o‘tdi. Unda Shavkatjon Abdurazzoqov va Ulug‘bek Xusainov so‘zga chiqib, yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar xususida fikr bildirdi.
Shuningdek, “Yangi O‘zbekistonning istiqbolli kadrlari” TOP-100 tanlovida eng yuqori natijalarni qayd etgan 100 nafar istiqbolli kadr e’lon qilinib, g‘oliblarga diplom, statuetka va esdalik sovg‘alari topshirildi. Tanlovga jami 1158 ta ariza kelib tushgan bo‘lib, ishtirokchilar to‘rt bosqichda saralab olindi.
Tadbir konsert dasturi va yoshlar sayli bilan davom etdi.
Kasblar olami, zamonaviy imkoniyatlar va yoshlar salohiyati uyg‘unlashgan ushbu tadbir ularning kelajak kasbini belgilashi, bilim va qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi uchun yana bir muhim maydon bo‘ldi.









