“NAVBAHOR” - “AYAKS”: HAMKORLIKNING YANGI BOSQICHI
2026-09-21 22:30:00 / Yangiliklar

Bugun “Ayaks” vakillari - klubning futbol hamkorliklari bo‘yicha direktori Corné Groenendijk, inson resurslari bo‘yicha direktor Sebastian de Bruin hamda boshqa mas’ullar viloyat hokimligida qabul qilindi.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov bilan bo‘lib o‘tgan o‘zaro muloqotda “Navbahor” va “Ayaks” o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikning bugungi holati va uni yanada kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvda mazkur hamkorlikning amaliy natijalarini yanada oshirishga alohida urg‘u berildi. Iqtidorli bolalarni erta aniqlash va saralashdan tortib, ularni bosqichma-bosqich professional futbolga tayyorlashgacha bo‘lgan yaxlit tizimni birgalikda rivojlantirish, murabbiylar o‘rtasida tajriba almashish va “Navbahor” uchun kuchli futbol zaxirasini shakllantirish borasida fikr almashildi.
“Ayaks” delegatsiyasi Namangandagi ilk taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, viloyat ahlining samimiyligi va futbolsevarligini alohida e’tirof etdi. O‘z navbatida, tomonlar bugun shakllanayotgan munosabatlar kelgusida yanada keng ko‘lam kasb etishi uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladilar.
Muloqot faqat futbol bilan cheklanib qolmadi. Namangan va Niderlandiya o‘rtasidagi aloqalarni boshqa sohalarda ham rivojlantirish, xususan, Namanganning o‘ziga xos tashrif qog‘oziga aylangan Xalqaro gullar festivalidan tortib, sport va madaniy almashinuvlargacha bo‘lgan yo‘nalishlarda yangi hamkorlik imkoniyatlarini izlash yuzasidan takliflar bildirildi.
Uchrashuv yakunida esa do‘stona munosabatlarni ifodalovchi o‘ziga xos ramziy lahza kuzatildi —mehmonlarga ismlari tushirilgan futbolkalar va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Namangan viloyati hokimligi
Axborot xizmati





